“Zamin” fondi koʻmagida Buxorodagi yana 15 ta maktab suv bilan taʼminlanadi

16:33 29 Sentyabr 2022 Jamiyat
700 0

Foto: Zamin Foundation

“Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva Romitan va Shofirkon tumanlaridagi maktablarga tashrif buyurib, “Buxoro viloyati umumtaʼlim maktablarida suv taʼminoti, sanitariya va gigiyena” loyihasining natijalari bilan tanishdi hamda oʻquvchilar bilan suvdan oqilona foydalanish, sanitariya va gigiyenaning sogʻlom turmush uchun ahamiyati haqida suhbatlashdi.

Foto: Zamin Foundation

Bugungi kunda viloyatning 16 ta maktabida quduqlardan suv bilan taʼminlash, suvni filtrlash va xavfsiz ichimlik suvi darajasigacha chuchuklashtirish tizimlari oʻrnatilgan. Suv taʼminoti va kanalizatsiyaning ichki va tashqi muhandislik tarmoqlari, hojatxona va dush xonalari qurilgan. Shuningdek, oqova suvlarni sugʻorma suv darajasigacha biologik tozalash tizimlari oʻrnatilgan.

Maktablar joylashgan hududlar aholisi ham toza va xavfsiz ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻldi. Loyihaning navbatdagi bosqichi uchun Buxoro viloyatidagi yana 15 ta maktab tanlab olingan.
Loyiha BMT Bolalar fondi (UNICEF), «Oʻzsuvtaʼminot» AJ, Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Foto: Zamin Foundation

Shuningdek, Ziroat Mirziyoyeva Buxorodagi 123-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatga tashrif buyurib, oʻquvchilar bilan samimiy suhbatlashdi.

Bolalar oʻz yutuqlari haqida soʻzlab berdilar. Ularni ekologiya mavzusiga qiziqtirish uchun mehmonlar «Zamin Eco education» oʻquvchilari bilan birgalikda daraxt ekish aksiyasini oʻtkazdilar. Tadbir davomida “aqlli sugʻorish” tizimi namoyish etildi.

Foto: Zamin Foundation

Havo harorati va namlik darajasini oʻlchaydigan datchiklar tufayli sugʻorish uchun kerakli suv hajmi hisoblab chiqiladi. Ushbu tizim bilan tanishuv orqali maktab oʻquvchilariga suvni tejash naqadar muhimligi tushuntirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?