“Zakovat” intellektual klubi uchun bino quriladi, klubni rivojlantirish uchun har yili 50 mlrd soʻm miqdorida mablagʻ ajratiladi 

20:59 12 Oktyabr 2021 Siyosat
930 0

Foto: “Zakovat” klubi

Buxoro viloyati Romitan tumanidagi “Bukhara Desert Oasis” nomli turizm maskanida “Zakovat” intellektual oʻyinining final bosqichi boʻlib oʻtdi.

Bu yerga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurib, bahsni kuzatdi.

Finalda Xorazm va Navoiy viloyati jamoalari oʻynadi. Yakunda xorazmliklar gʻolib boʻldi.

Tadbir soʻngida Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.

- Sizlarning mana shunday joʻshqinligingiz, bilimga intilishingiz uchun tashakkur aytaman, - dedi davlat rahbari. - Biz keyingi yillarda taʼlimga alohida eʼtibor qaratib, qarorlar qabul qilganimiz, kitob oʻqishni ragʻbatlantirganimiz natijasini bugungi yoshlarda koʻrib, quvonaman. Men sizlar bilan faxrlanaman!

Prezident ushbu musobaqa Buxoroda oʻtayotganiga alohida urgʻu berdi. Bu zamindan Imom Buxoriy, Ibn Sino, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Bahouddin Naqshband, Muhammad Narshaxiy, Abdurauf Fitrat kabi koʻplab buyuk allomalar yetishib chiqqanini qayd etib, bugungi yoshlar ularga munosib voris boʻlishiga ishonch bildirdi.

— Biz xalqimizni rozi qilish, inson qadri baland boʻlgan jamiyat qurish yoʻlini tanladik! Bunga erishishda bizga kim asosiy tayanch boʻladi? Albatta, siz kabi bilimli va  vatanparvar yoshlar, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu yil “Zakovat” intellektual oʻyini tashkil etilganiga 20 yil toʻldi. Prezident bilimdon yoshlarga sharoit yaratish uchun koʻplab tashabbuslarni bildirdi. Avvalo, mamlakatimiz yoshlaridagi ilmga intilish va intellektual salohiyatni inobatga olib, “Zakovat” oʻyinlari ommaviy maʼrifiy harakatga aylantiriladi. 

Harakatni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun har yili 50 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi. Har bir maktab, har bir oliygohda “Zakovat” klubi faoliyati barcha yoʻlga qoʻyiladi. Gʻoliblar uchun “Zakovat” stipendiyasi joriy qilinadi. Toshkentda alohida bino va Intellektual oʻyinlar shaharchasi barpo etiladi. Viloyatlarda esa “Intellektual parklar”, Boʻstonliq tumanidagi Yoshlar oromgohida “Intellektual maktab” tashkil qilinadi.

Yangi yildan boshlab talaba yoshlar oʻrtasida birinchi marta Prezident sovrini uchun Intellektual olimpiada oʻtkaziladi. Dunyo tan olgan olimlar, jumladan, Nobel mukofoti sohiblari bilan uchrashuvlar oʻtkazib boriladi.
Yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan kompyuter va mobil oʻyinlarni yaratgan dasturchilarga maxsus grant va subsidiyalar ajratiladi.

— Zahmatli mehnati orqali orzu-umidlari ushalgan inson — eng baxtli insondir. Shuning uchun doimo balandlarga intiling, ezgu maqsadingiz uchun kurashing. Doimo oʻqing-oʻrganing, oʻzingizga ishoning, kashfiyotlar qiling, yangiliklar yarating, oldinga dadil qadam tashlang, — dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Prezidentimiz farmoniga muvofiq, “Zakovat” klubiga asos solgan Abdurasul Abdullayev hamda final bosqichi gʻoliblari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

Davlatimiz rahbari Buxoroga tashrifini yakunlab, Navoiy viloyatiga joʻnab ketdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?