Zahmatkashlarim, ustozlarim, bayramingiz muborak boʻlsin!

14:32 30 Sentyabr 2020 Jamiyat
180 0

Keyingi yillarda mamlakatimizda oliy taʼlim tizimini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berilayotgani bor gap. Masalan, yangi oliy oʻquv yurtlari bilan birga chet eldagi nufuzli universitetlarning filiallari ochilmoqda, oliy taʼlim muassasalariga qabul kvotalari oshirilmoqda, koʻpgina yoʻnalishlar boʻyicha sirtqi boʻlimlar faoliyat koʻrsatmoqda.

Bularning barchasi taʼlim-tarbiya jarayonlarining sifati va darajasini zamon talablari asosida tubdan yaxshilash, zahmatkash ustozlar, mazkur sohada faoliyat koʻrsatayotgan barcha fidoyi insonlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ularning qadr-qimmatini yuksaltirishga qaratilgani bilan ayniqsa ahamiyatlidir.

Keling, raqamlarga murojaat qilsak. Oʻtgan 2019-yil Investitsiya dasturi doirasida 356 ta taʼlim muassasasida 684 milliard 700 million soʻmlik, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari boʻyicha esa 371 ta umumtaʼlim maktabida 424 milliard soʻmdan ziyod qurilish-rekonstruksiya va taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Davlat byudjetidagi yalpi xarajatlarning maʼlum foizi aynan taʼlim-tarbiya sohasiga yoʻnaltirilgan. Bular, albatta, ushbu tizimdagi islohotlarning koʻlami va miqyosida yana-da yaqqol ayon boʻlmoqda.

Amalga oshirilayotgan ana shunday ulkan ishlarning amaliy taʼsiri va natijadorligini taʼminlashda oʻqituvchi va murabbiylarning oʻrni va roli beqiyos ekanini taʼkidlash kerak.

Ayniqsa, butun dunyoda murakkab va tahlikali vaziyat hukm surayotgan hozirgi vaqtda yoshlar hayotiga tahdid solayotgan xavf-xatarlarning oldini olish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashishda oʻqituvchilarning ibratli faoliyati ulkan ahamiyatga ega. Albatta, buning uchun muallimlardan oʻz ustida tinimsiz ishlash, farzandlarni yangicha tafakkur, yuksak insoniy tuygʻular bilan oshno etish, ularda mustaqil va ijodiy fikrlash qobiliyatini uzluksiz rivojlantirib borish talab etilmoqda.

Shu oʻrinda muhim jihatni qayd etishni istardim. Siyosatning qaynoq olamiga kirib kelib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati vazifasiga yetib kelgunimga qadar muhtaram ustozlarimning mashaqqatli va beqiyos mehnatlari mujassam. Ularning talabchanligi, bergan taʼlim-tarbiya, bilim va koʻnikmalari tufayli bugun oliy maqom masʼuliyatini dildan his qilib faoliyat olib boryapman.

Shu munosabat bilan “1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar” kuni bilan Namangan viloyatining Uychi tumanidagi barcha taʼlim bergan ustozlarimni va yurtimizdagi barcha muallimlarni qutlayman. Ziyo toʻla qalblari hamisha nurafshon boʻlsin. Fidoyi mehnatlari doimo eʼzoz topaversin.

Barnoxon MIRZAMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʼzLiDeP fraksiyasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?