Zahiriddin Muhammad Boburga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy elektron platforma ishga tushirildi

17:20 28 Fevral 2024 Madaniyat
624 0

Bobur siymosini abadiylashtirish, uning o‘lmas merosini keng targ‘ib etish maqsadida Xalqaro Boburshunoslik ilmiy elektron platformasi yaratildi. Ayni paytda platformani yanada mukammal shaklga keltirish, uning mobil ilovasini yaratish ustida ish olib borilmoqda.

Mazkur platformaning rasmiy domeni  sinov tariqasida https://baburid.uz/  deb nomlanadi. Ushbu platforma uchun xarid qilingan internet maydoni hajmi 20 000 dan ziyod kitob, maqola kabi fayllarning yuklamasini o‘zida mujassamlashga qodir.

Platformaning bosh sahifasiga tanlangan kontent va ma’lumotlar maktab yoshidagi bolalardan tortib katta yoshli auditoriyani ham o‘ziga jalb qilishi nazarda tutilib, boburiylar davriga oid sara miniatyuralar, asarlardan iqtiboslar hamda “O‘zbekkino” ijodkori, rejissyor Bobur Sher o‘g‘li tomonidan suratga olingan “Zahiriddin Muhammad Bobur” hujjatli tarixiy dramasidagi kerakli videolavhalar ajratib olindi va mavzulashtirilgan holda joylashtirib chiqildi.  Bundan maqsad  Boburning  badiiy obrazining yangi talqinini ijro etgan yosh aktyor Ilhom Berdiyev va xalqimiz tomonidan uzoq yillar davomida suyib qabul qilingan, O‘zbekiston xalq artisti Muhammadali Abduqunduzov ijrosidagi suratlardan ham unumli foydalanildi.

Platformaning “Virtual sayohat” bo‘limida “Bobur va jahon madaniyati muzeyi”, “Bog‘i Bobur istirohat bog‘i”, “Boburning ramziy qabri”, “Bobur xalqaro jamoat fondi”, “ Andijon shaharsozlik madaniyati” muzeylariga sayohat qilish imkoniyati yaratildi.

Bobur nomli xalqaro jamoat fondi muassisligida chop etilayotgan “Bobur va dunyo” jurnalining elektron namunaviy ko‘rinishlari ham aynan mana shu kutubxona qismidan joy olgan.

Kutubxonaning ilmiy nashrlar qismida bu ulug‘ zot va uning buyuk sulolasi haqida yozilgan jahon ilm-fanidagi nashrlardan tortib, respublika olimlarining ham monografiyalari joylashtirib chiqilgan.

Shu bilan birga platformaning boburshunoslik sohasiga ajratilgan sahifasida jahon boburshunosligiga salmoqli hissa qo‘shgan xalqaro miqyosdagi nashrlar mualliflarining tarjimayi hollari va asarlarining elektron ko‘rinishlari, O‘zbekistondagi sohaning yetuk namoyandalarining faoliyati va ular tomonidan chop etilgan nashrlarning batafsil ma’lumotlari kiritilgan.

Platformaning yangiliklar bo‘limida sohaga doir yangiliklar xronologik tartibda berib boriladi.

Hozirda saytning taqdim etilayotgan mazkur ko‘rinishi platformaning poydevor qismi sanalib, 4 oy mobaynida tayyorlangan. Endilikda loyihaning davom ettirilish jarayonida ushbu platformaning mobil ilovasini yaratish,  platformaning tarmoqlarini ham ommabop, ham ilmiy asosda to‘ldirish reja qilingan.

Ogʻabek Boyboʻtayev,

OʻzJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?