Zaharli chiqindilar miqdorini qanday kamaytirish mumkin?

13:56 15 Yanvar 2022 Jamiyat
313 0

Maʼlumki, Oʻzbekiston tashqi siyosiy faoliyatining asosiy vazifalaridan biri oʻz hududi atrofida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhitini shakllantirish hisoblanadi. 

Shu bois, keyingi yillarda yurtimizda Markaziy Osiyo mintaqasidagi mamlakatlar bilan barcha sohalarda oʻzaro doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik ruhidagi munosabatlarni sifat va mazmun jihatidan yangi bosqichga olib chiqish borasida koʻpgina ishlar amalga oshirilmoqda.

Barqaror rivojlanish gʻoyasi hozirgi va kelajak avlodlarning turmush sifatini yaxshilash uchun mutanosib iqtisodiy, ekologik va ijtimoiy rivojlanishni nazarda tutadi. Ushbu gʻoyalar markaziy Osiyo mamlakatlarida katta tushunish va qoʻllab-quvvatlashga ega boʻldi. 

Markaziy Osiyo mintaqasida Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi Ijroiya qoʻmitasi, Barqaror rivojlanish boʻyicha davlatlararo komissiya va Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi kabi mintaqaviy tashkilotlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanilayotgan Orol dengizi havzasi dasturini ishlab chiqish, atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha mintaqaviy harakatlar rejasi kabi atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha mintaqaviy tashabbuslar amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2021-yil avgust oyida Turkmanistonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi maslahat uchrashuvida davlatimiz rahbari ekologiya sohasi boʻyicha qator takliflarni ilgari surdi. Aynan, mintaqaning ekologik muammolari hamisha diqqat markazida boʻlishi kerakligini taʼkidladi. Bu boradagi hamkorlikni kengaytirish, Orol dengizi halokatining oqibatlarini yumshatish boʻyicha barcha choralarni koʻrish zarurligi va shu maʼnoda iqlim oʻzgarishlariga moslashishiga, resurs tejamkor texnologiyalarning yana keng joriy etilishiga xizmat qiladigan “Markaziy Osiyo uchun «yashil kun tartibi” mintaqaviy dasturini ishlab chiqish ilgari surilgan edi.

Bugungi kunda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi har bir mamlakat uchun muhim strategik vazifalardan biri hisoblanadi. Binobarin, inson hayoti yer, suv, havo, oʻsimlik va hayvonot olami bilan chambarchas bogʻliq. Mintaqaning tabiati, hayvonot va oʻsimlik olamining bioxilma-xilligini asrab-avaylashga har bir davlat masʼuldir. 

Yangi Oʻzbekistonning 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasining 88-maqsadida ham Markaziy Osiyoda ekologiya, atrof-muhitning ifloslanishi va tabiatni muhofaza qilish borasida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish ham muhim ustuvor vazifa qilib belgilangan. 

Ushbu maqsadda Orol dengizi qurishi salbiy oqibatlarini bartaraf etish yoʻlida qoʻshni davlatlar bilan hamkorlikni jadallashtirish va zaharli chiqindilarni chiqarishni kamaytirish, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ilmiy yondashuvlarga asoslangan idoralararo hamkorlikni yoʻlga qoʻyish kabi vazifalar belgilanmoqda.

Shuningdek, Markaziy Osiyoda zaharli chiqindilarni kamaytirish, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ilmiy tadqiqotlarga tayangan holda hamkorliklarni yoʻlga qoʻyish ham muhim vazifalardan biridir. 

Hozirgi kunda qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash quvvatiga ega boʻlgan maishiy chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni kompleks amalga oshirish klasterlarini tashkil etish boʻyicha innovatsion texnologiyalarni joriy etish orqali atrof-muhit musaffoligini taʼminlash har bir qoʻshni davlatlar uchun dolzarb vazifadir.

Muxtasar qilib aytganda, belgilangan vazifalar biologik xilma-xillikni asrashga, atrof-muhitni muhofaza qilishga, ekologik muammolarning oldini olishga xizmat qiladi.

Muqaddas TIRKASHEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?