Zafar mahallasida muammolarni bartaraf etish yoʻlida qizgʻin ish olib borilmoqda

17:15 17 Noyabr 2023 Jamiyat
232 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Qamashi tumanidagi Zafar mahallasi tuman markazida joylashgan. Shunga qaramay, yillar davomida hududda infratuzilma obyektlari, yoʻl, kommunal xizmatlar, bandlik masalalari, obodonchilik ishlari bilan bogʻliq koʻplab muammolar toʻplanib qolgan edi.

Joriy yilda Prezidentimizning tegishli topshirigʻiga koʻra amalga oshirilayotgan “Obod xonadon — obod koʻcha — obod mahalla” dasturiga Zafar mahallasining ham kiritilishi bu yerdagi koʻplab muammolarni tizimli bartaraf etish imkonini bermoqda.

Taʼkidlash joiz, bugungi kunda Zafar mahallasidagi 530 ta xonadonda 2300 dan ziyod kishi istiqomat qiladi. Ularning yarmiga yaqini hududdagi 12 ta koʻp qavatli uyda yashaydi.

Ushbu koʻp qavatli uylarning uchtasi 2021-yilda foydalanishga topshirilgan. Ularda shart-sharoit bilan bogʻliq muammolar mavjud emas. Biroq, qolgan 9 ta ikki qavatli uy 1960-yillarda bunyod etilgan boʻlib, nihoyatda taʼmirtalab ahvolga kelib qolgan edi. Shunga koʻra, ishchi guruh tomonidan dastur doirasida ushbu uy-joylar va ularning atrofidagi hududni obodonlashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar rejasi tuzilib, ishga kirishildi.

Avvalo koʻp qavatli uylar yonida aholi tomonidan oʻzboshimchalik bilan qurib olingan noqonuniy qurilishlar buzilib, hudud obodonlashtirdi. Uylarning tashqi fasad qismi, podyezlari taʼmirlanib, barcha podyezdlarga zamonaviy temir eshiklar oʻrnatildi. Shu yerda yashovchi oilalar umumiy foydalanishi uchun alohida usti yopiq tandirxona, toʻy va boshqa marosimlarni oʻtkazish uchun zamonaviy koʻrinishdagi shinam ayvon qurib berildi. Obodonlashtirish ishlari esa davom etmoqda. Mutasaddilar koʻp qavatli uylar joylashgan bu hududni obod va koʻrkam manzilga aylantirishni maqsad qilishgan.

Zafar mahallasi ahlining asosiy muammolaridan yana biri ichimlik suvi edi. Bir paytlar hududdagi aholi xonadonlariga markazlashgan ichimlik suvi yetkazib berilgan, biroq keyinchalik tizim ishdan chiqib, suv kelmay qoʻygan.

Dastur doirasida eski suv inshooti taʼmirlanib, 4,8 kilometr suv tarmogʻi tortildi. Bu boradagi ishlar yakunlanib, tizim toʻliq ishga tushirilganidan soʻng mahalladagi xonadonlarga qaytadan markazlashgan holda toza ichimlik suvi kirib boradi.

Qolaversa, obodonlashtirish, qurilish-bunyodkorlik ishlari davomida mahalladagi taʼmirtalab holga kelib qolgan 1 kilometr yoʻlga asfalt yotqizildi, 20 ta beton ustunlar yangilanib, 1 kilometr havo kabellari almashtirildi. Ijtimoiy soha obyektlarida keng koʻlamli taʼmirlash ishlari olib borildi.

— Bundan tashqari, dastur doirasida mahallada aholi bandligini taʼminlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi mahalladagi hokim yordamchisi Obid Gʻoyimov. — Shunga asosan, oʻzini-oʻzi band qilish istagida boʻlgan 11 kishiga tikuvchilikni yoʻlga qoʻyishi uchun subsidiyalar olib berildi. 8 kishining imtiyozli kredit asosida motoroller olishiga koʻmaklashildi. Oʻn toʻrt kishi haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan boʻlsa, 3 nafar kishi kasb-hunar oʻrganishga yoʻnaltirildi.

Eʼtiborli tomoni, mahalladagi obodlik shukuhi odamlarning kayfiyatida, ruhiyatida ham oʻz aksini topmoqda. Hududni obodonlashtirish, daraxt ekish, yashil maydonlarni koʻpaytirish, tomorqadan samarali foydalanish kabi ishlarda aholining oʻzi ham jonbozlik koʻrsatyapti. Imkoni yetganlar esa bu boradagi ishlarni moliyaviy tomondan ham qoʻllab-quvvatlash harakatida. Masalan, hududdagi tadbirkorlardan biri oʻz hisobidan zamonaviy mahalla binosini qurib berayotgan boʻlsa, boshqalari mahalladagi kam taʼminlangan oilalarning uy-joylarini taʼmirlab berish, obodonlashtirish ishlari koʻmak koʻrsatmoqda.

Maʼlumot oʻrnida: Qashqadaryo viloyatida Zafar mahallasidan tashqari Dehqonobod tumanidagi Togʻaytemir, Nishon tumanidagi Guliston, Mirishkor tumanidagi Obod mahallalarida ham “Obod xonadon — obod koʻcha — obod mahalla” mezoni asosida obodonlashtirish, qurilish-bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?