Yuz bilan yuzlashgan maktab

20:59 05 Iyul 2021 Jamiyat
377 0

Oʻlkamizning qadim shaharlarimizdan biri sanalgan Nurota shahrida joylashgan mashhur 1-namuna maktabi haqida bilmaydigan odam boʻlmasa kerak. Dargoh oʻzining yuz yillik tarixi, eng muhim va oʻziga xos jihatlari, dovruqli kadrlarining joʻshqin, mazmunli hayoti va ustozlarning qaynoq pedagogik faoliyati bilan dovruq qozongan.

1-son maktab oʻqituvchilari va oʻquvchilaridan 18 kishi Davlat mukofoti va unvonlariga sazovor boʻlishgan: Hadya Yusupova, Rahmatulla Mansurov, Ochil Navroʻzov, Tursunqul Ergashev, Usmon Nurmurodov, Sangimo Hamroyeva, Mahkam Xolmedov, Xosiyat Hayitova “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan oʻqituvchi”, Hotamboy Murodov, Rustam Ahmedov “Oʻzbekiston xalq oʻqituvchisi, Mahmud Yusupov, Hamdam Eshonqulov, Nuriddin Kalonov «Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi”, Ahmad Otaboyev “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist”, Xoliqul Xudoyqulov “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiyi”; Rahmonqul Nasimov “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan shifokor” Obloqul Xoʻjaqulov, Egam Xoʻjaqulov, “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi” faxriy unvonini qoʻlga kiritgan. Maktab bitiruvchilaridan Fanlar akademiyasi bir akademigi, yigirma beshta fan doktori, ikki general, oʻnlab davlat va jamoat arboblari yetishib chiqqani tahsinga loyiq hodisa.

Maktabning asoschisi xalqparvar, ishbilarmon Hoji Bolta Qozoqov taniqli davlat arbobi Fayzullo Xoʻjayev, mashhur adib Sadriddin Ayniylarning yaqin doʻsti, maslakdoshi boʻlgan. Jadidlar harakatiga qoʻshilib, ilgʻor va demokratik gʻoyalarni targʻib qilishda faol qatnashgan. Savdogar niqobi ostida ish olib borib, inqilobiy ruhdagi gazetalarni Nurotaga keltirgan. 1921-yil yanvarda ish boshlagan maktab dastlabki savod chiqarish maktabi edi. Maʼlumotlarga qaraganda, ushbu maktab sobiq Buxoro xalq respublikasida dastlab ochilgan yangi zamon maktablarining oʻn yettinchisi boʻlib, arab alifbosi yordamida yozuv-chizuv va hisob-kitob bilimlari oʻrgatilgan edi.

Zahmatkash mualliflar Rustam Ahmedov, Baxtiyor Omonov, Qahhor Rahmonov, Abdurasul Ergashevning uzoq yillik mashaqqatli izlanishlarga tayanib, bir asrlik tarix yilnomasini yaratishgan. Unda mingga yaqin ustozlar va shogirdlarning nomlari, bajargan ishlari va qoldirgan izlari xronologik ravishda yoritilgan, tarixni oʻzida muhrlagan fotosuratlar oʻquvchilar hukmiga havola qilingandi. Avvalo, tarixnomaga dastlabki asoslar mavjudligi ijodiy ishlariga yordam bergan. Mualliflardan biri, Oʻzbekiston Respublikasi xalq oʻqituvchisi Rustam Ahmedov qariyb 40 yil davomida 1 namuna maktabi vorisi boʻlgan 2 maktabda oʻlkashunoslik toʻgaragini boshqarib, ikki mingdan ziyod kerakli maʼlumotlarni toʻplagan. Toʻgarak aʼzolari 1-maktab oʻqituvchiyu oʻquvchilari bilan 1970-1990-yillarda koʻplab suhbatlar, uchrashuvlar oʻtkazgan va izlanishlar olib borgan.

NurDU, Nurota dorilfununi nomini olgan ilk maktabning shon- shuhrati har jihatdan faxrlanishga arzigulik. Nurota tumanidagi “1-namuna” maktabi Oʻzbekiston taʼlim tizimi tarixida yorqin iz qoldirgan tabarruk dargoh hisoblanadi. 2021-yilda maktab tashkil etilganiga 100-yil toʻladi. Tumanda ushbu tarixiy sanaga katta tayyorgarlik koʻrilmoqda. Zotan, u nafaqat Navoiy, Samarqand viloyati maktablari, balki yurtimiz maorifi hayotining unutilmas shonli voqealarini yodimizga tushiradi...

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?