Yutuqlar oʻzimizniki, oldimizda bajarishimiz kerak boʻlgan ishlarimiz ham koʻp

Yangi Oʻzbekistonimiz, uning mehnatkash va bunyodkor xalqi uchun muayyan yutuqlar bilan tarixga muhrlangan 2022-yil mamlakatimiz iqtisodiy xavfsizligini taʼminlashga hissa qoʻshayotgan Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari uchun ham samarali yakun topdi, desak, mubolagʻa emas. Tizimda amalga oshirilgan islohotlar natijasida yil yakuniga qadar barcha boʻlinma, guruh va bojxona postlarida fuqarolarga zamon talablari darajasida xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi.
Oʻtgan yil davomida amalga oshirilgan ishlar koʻlamiga nazar tashlarkanmiz, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, ularga yanada qulay sharoitlar yaratish, aholi vakillariga bojxona nazorati va rasmiylashtiruv vaqtini optimal darajada tejash, bojxona terminallaridagi tirbandliklarni oldini olishga ham alohida eʼtibor qaratilganiga guvoh boʻlamiz. Yakun topgan yilda “Yallama” chegara bojxona postiga tutash hududda yangi zamonaviy bojxona terminali ishga tushirildi. Viloyat hududidagi boshqa terminallarda ham xodimlarning tezkor ishlashi, postlararo oʻzaro axborot almashinuvini taʼminlovchi zamonaviy jihozlar oʻrnatildi.
Yil sarhisobiga koʻra, Toshkent viloyatining tashqi savdo aylanmasi 5,9 mlrd. AQSH dollariga teng boʻldi. Eksport hajmi 2,1 mlrd., import salmogʻi esa 3,7 mlrd. AQSH dollarini tashkil etdi. Bu jarayonda ham, albatta, viloyat bojxonachilari faol ishtirok etishdi. Xorijiy davlatlardan tegishli xom ashyo, butlovchi qismlar, texnologiyalar kirib kelishida hamda yurtimizda ishlab chiqarilgan turli xil sanoat mahsulotlari, dehqon va fermerlarimizning peshona teri evaziga yetishtirilgan sarxil qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini chetga eksport qilishda tegishli hujjatlarni tezkor rasmiylashtirish, yuklarni sinchkovlik bilan nazoratdan oʻtkazishda bojxona postlaridagi navbatchilik qismlari kunu tun mehnat qildi.
Birgina bu emas. Xodimlarimiz davlatimiz iqtisodiy xavfsizligini taʼminlashda ham oʻta sergakdir. Jumladan, viloyatning qoʻshni davlatlar bilan chegaradosh hududlari orqali kontrabanda ashyolarini yurtimizga noqonuniy kirib kelishini oldini olish borasida tizimli tadbirlar amalga oshirildi. Natijada 2022-yil davomida Bojxona boshqarmasining tezkor tuzilmalari tomonidan giyohvandlik vositalarining yashirin aylanmasiga bir necha bor chek qoʻyildi. Tezkor tadbirlar davomida 400 kg.dan ziyod giyohvand vositalarining noqonuniy olib oʻtilishi fosh etildi. Shuningdek, 12,1 mlrd. naqd xorijiy valyutasi aylanmasiga ham barham berildi.
Aholi salomatligi muhofazasini taʼminlash maqsadida esa xodimlarimiz tomonidan 90 mingdan ziyod sifati kafolatlanmagan dori vositalarini noqonuniy aylanmasining oldi olindi.
Sohani malakali mutaxassislar bilan taʼminlash borasidagi rejaga koʻra, otaliqqa olingan Nurafshon shahridagi 9-umumtaʼlim maktabida 2023 oʻquv yilida “Yosh bojxonachi” toʻgaragi faoliyati yanada mukammallashtirilib, bojxona mutaxassislarining oʻquvchilarni kasbga yoʻnaltirish jarayoni izchil davom ettiriladi.
Shuningdek, 2022-yilda gender tenglikni taʼminlash borasidagi ishlar natijadorligi ham salmoqli boʻldi. Viloyat bojxona boshqarmasida xizmat qilayotgan ayol xodimlar yuqori lavozimlarga tayinlandi.
Albatta, yutuqlar oʻzimizniki, oldimizda bajarishimiz kerak boʻlgan ishlarimiz ham koʻp. 2023-yilda bojxona xodimlari oldiga qoʻyilgan barcha vazifalarni sidqidildan ado etishga tayyormiz. Imkoniyatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni Yangi yil bilan samimiy qutlayman.
Olimjon HOJIMATOV,
Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi boshligʻi,
bojxona xizmati polkovnigi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti qoʻshma korхonalarni ishga tushirdi va Xitoy ishbilarmon doiralarining yetakchi vakillari bilan uchrashdi
- “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2023” xalqaro ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi
- “Markaziy Osiyo - Xitoy” birinchi sammiti. Ikkinchi kundan fotoreportaj
- Oʻzbekiston Prezidentining Xitoyga tashrifi samarali boʻldi
- Oʻzbekistonning aksariyat hududlarida 20-may kuni qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi
- Namanganda gullar festivali (fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring