Yurtimizdagi maktablarda birinchi qoʻngʻiroq sadolari jarangladi

20:59 05 Sentyabr 2022 Jamiyat
705 0

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

Yoz boʻyi maroqli hordiq chiqargan bolajonlar uchun yana hayajonli, quvonchli va masʼuliyatli damlar boshlandi. Birinchi qoʻngʻiroq sadolari jaranglab, umumtaʼlim maktablari yigit-qizlarni yana oʻz bagʻriga chorladi...

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

Xalq taʼlimi vazirligi maʼlumotlariga koʻra, mamlakatimizdagi 10 ming 85 ta maktabda yangi oʻquv yili boshlandi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

Bu damlar, ayniqsa, maktab atalmish muqaddas dargohga ilk bor qadam qoʻygan kichkintoylar uchun yanada hayajonli, orziqib kutilgan va unutilmasdir. Ilk qoʻngʻiroq sadosi koʻzlari charaqlab turgan birinchi sinf oʻquvchilari qalbida bong uradi. Endi ular aka-opalariga oʻxshashga, ulardek “aʼlo” oʻqishga intiladi...

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

2022/2023 oʻquv yilida 702 ming nafar bolajon umumtaʼlim maktablarining 1-sinfiga qabul qilindi. Ular 12 turdagi oʻquv qurollari, maktab sumkasi, darsliklar majmuasidan iborat Prezident sovgʻalarini qabul qilib olarkan, dillarida cheksiz quvonch, ertangi kunga yorugʻ umid va ishonch barq uradi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

Poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi 101-umumtaʼlim maktabida ham “Birinchi qoʻngʻiroq” tadbiri ana shunday koʻtarinki ruhda boʻlib oʻtdi. Bayramona bezatilgan taʼlim dargohi oʻquvchilarga yana oʻz eshiklarini ochdi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

“Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida tashkil etilgan “Birinchi qoʻngʻiroq” tadbirlarida xalqimiz ardogʻidagi insonlar, mahalliy hokimliklar hamda keng jamoatchilik vakillari, mahalla faollari, oʻquvchilar va ularning ota-onalari qatnashdi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

Tadbirda soʻzga chiqqanlar Prezidentimiz tomonidan taʼlim tizimini jahon andozalariga mos tarzda rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani taʼkidlandi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

Bugun “Yangi Oʻzbekiston — maktab ostonasidan boshlanadi” degan shior asosida maktab taʼlimini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylandi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

Oʻqituvchi-murabbiylar qadrini tiklashga qaratilgan eʼtibordan ularning qaddi ham tiklandi. Ular bugun qayerda yurmasin “Oʻqituvchiman!”, deya baralla, gʻurur-iftixor bilan aytadigan boʻldi. Oylik maoshlari oshib, oʻz ustida ishlashga, dars oʻtishning zamonaviy usul va uslublarini oʻzlashtirishga imkon topmoqda.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

Xorazm viloyatidagi umumtaʼlim maktablarida ham birinchi qoʻngʻiroq sadolari jaranglab, 37 ming 325 nafar oʻgʻil-qiz maktab ostonasiga ilk qadam qoʻyib, birinchi sinfga qabul qilindi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

— Prezidentimiz Mustaqillikning 31 yilligiga bagʻishlangan bayram tantanalaridagi nutqida yuksak marralarga erishish uchun 2026-yilgacha Taraqqiyot strategiyasi doirasida beshta asosiy vazifani belgilab berdi, — deydi Gurlan tumanidagi 5-umumtaʼlim maktabi direktori, Oʻzbekiston Qahramoni Anor Mahmudova. — Taʼlim sohasini isloh qilish, oʻquvchi yoshlar zamonaviy bilim va koʻnikmalarni puxta egallashlari uchun qulay sharoit yaratish, maktablarning oʻquv dasturlari, oʻqitish uslubi, darsliklar mazmunini tubdan qayta koʻrib chiqish eng birinchi va asosiy vazifa qilib qoʻyildi. Chunki barcha muvaffaqiyatlarning kaliti sifatli taʼlimga borib taqaladi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

Viloyatda umumtaʼlim maktablarining moddiy bazasini yaxshilash, taʼlim jarayoniga innovatsiyalarni joriy etish, malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yilda investitsiya, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari asosida viloyatda 2 ta maktab yangidan qurildi, 16 ta maktabda rekonstruksiya, 22 ta maktabda mukammal taʼmirlash ishlari bajarildi. Viloyatda 1-4 sinf oʻquvchilarini bepul nonushta qilishlari uchun byudjetdan 100 milliard soʻm mablagʻ ajratildi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

Xorazm viloyat hokimi Farhod Ermanov yangi oʻquv yili boshlanishi munosabati bilan Urganch tumanidagi 4-son umumtaʼlim maktabida oʻtkazilgan tadbirda ishtirok etib, yangi bunyod qilingan maktabning oʻquv va laboratoriya xonalarida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

Bugungi kunda Samarqand viloyatida jami 1268 ta umumiy oʻrta taʼlim muassasasi faoliyat koʻrsatmoqda. Shundan 1260 tasi umumiy oʻrta taʼlim maktabi, 8 tasi rivojlanishida nuqsoni boʻlgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internat hisoblanadi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

Samarqand shahridan tashqari viloyatdagi boshqa barcha umumtaʼlim maktablarida yangi oʻquv yili boshlanib, bilimlar kuni tadbirlari boʻlib oʻtdi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

Viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, yangi oʻquv yilida viloyatda 3 ta maktab yangidan tashkil etilib, qoʻshimcha 6490 oʻquvchi oʻrni yaratildi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

Bu yil viloyatda maktablarning birinchi sinflariga esa 83 550 nafar oʻquvchi qabul qilindi. Ularga “Prezident sovgʻasi” tantanali topshirildi. Shuningdek, “Prezident sovgʻasi” viloyatdagi 25 ta xususiy maktablarning 982 nafar oʻquvchisi uchun ham toʻliq tarqatildi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

Andijon viloyatida yangi oʻquv yili oldidan viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov toʻgʻridan-toʻgʻri efir orqali ustozlar va oʻquvchilarga tabrik yoʻlladi. Unda viloyatda yosh avlodni tarbiyalasha uchun yaratilgan sharoit va kelgusi rejalar ham tilga olindi. Maʼlum qilinishicha, bu yil viloyatdagi 762 ta umumtaʼlim maktabida 596 ming 803 nafar oʻquvchi tahsil oladi. Ularning 67 ming 400 nafarini 1-sinf oʻquvchilari tashkil etadi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

— Quvonchim nihoyatda cheksiz, — deydi Andijon shahrida istiqomat qiluvchi Nasibaxon Ahmedova. — Qattiq hayajondaman! Boisi farzandim Xumoyunjon bu yil Andijon shahridagi 24-umumtaʼlim maktabining 1-sinfiga qabul qilindi. Oʻzim ham shu maktabda tahsil olganman. Oradan oʻtgan davr mobaynida maskanda katta oʻzgarishlar yuz beribdi. Sport zali, oshxona va faollar xonasi yangilanibdi. Stadionda barcha sharoitlar muhayyo. Kutubxonada kerakli adabiyotlarni topish mumkin. Eng muhimi, taʼlimdagi sifat oʻzgarishlari. Oʻgʻlimning kelajagidan koʻnglim toʻq!

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

Aytish joiz, bu yil 18 ta maktabda oʻquvchilar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan boʻlsa, 4 ta maktab binosi yangidan barpo etildi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

Taʼkidlash kerakki, mamlakatimizdagi umumtaʼlim maktablarida “Birinchi qoʻngʻiroq” tadbirlaridan soʻng “Mustaqillik darslari” oʻtkazildi. Ushbu darslarda istiqlol yillarida erishilgan yutuqlar, yoshlarimiz tomonidan qoʻlga kiritilgan katta gʻalabalar hamda milliy tariximizning yorqin lavhalari haqida oʻquvchilarga soʻzlab berildi.

Foto: Hasan Paydoyev / “Xalq soʻzi”

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?