Yurtimizdagi 45 shahar va tumanda 1,5 milliondan ziyod elektr hisoblagich oʻrnatildi

14:35 19 Sentyabr 2019 Jamiyat
881 0

Bir guruh mahalliy va xalqaro mutaxassislar hamda jurnalistlar Samarqand shahrida boʻlib, bu yerda elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini tatbiq etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishmoqda. Bu haqda “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Matbuot xizmati xabar berdi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati va Osiyo taraqqiyot banki tomonidan tashkil etilgan tadbirda Markaziy osiyo mintaqaviy-iqtisodiy hamkorligi (MOMIH)ga aʼzo davlatlar vakillari ishtirok etmoqda.

Prezidentimizning 2018-yil 23-oktyabrda “Elektr energetikasi tarmogʻini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mamlakatimizda bosqichma-bosqich elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ni joriy etmoqda. Press-tur doirasida ishtirokchilari Samarqandda ayni shu jarayonni oʻrganishga muvaffaq boʻlmoqda.

Taʼkidlash kerakki, yurtimizdagi 45 shahar va tumanda 1,5 milliondan ziyod elektr hisoblagich oʻrnatildi. Joriy yil oxiriga qadar 2,5 milliondan, 2020-yil yakuniga borib, 7 milliondan ziyod isteʼmolchinining barchasiga zamonaviy elektr hisoblagichlar oʻrnatish ishlarini yakunlash koʻzda tutilgan.

Jumladan, Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlarida ham isteʼmolchilariga Janubiy Koreyaning “KT Corporation” kompaniyasi bilan hamkorlikda zamonaviy hisoblagichlarni oʻrnatish ishlari amalga oshirilmoqda.

– Samarqand viloyatida jami 817 862 ta elektr energiyasi isteʼmolchilari mavjud, – dedi Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasining ASKUE boʻlimi boshligʻi Valijon Qilichev. – Ulardan 778 247 tasi aholi, 39 615 tasi ulgurji isteʼmolchilardir.

2019-yilning 10-sentyabr holatiga jami 267 mingga yaqin isteʼmolchilarga ASKUE tizimiga mos boʻlgan elektr hisoblagichlar oʻrnatildi. Shulardan 152 300 tasi tizimga bogʻlanib, elektr energiyasi isteʼmoli, hisob-kitoblar, nazorat ishlari avtomatlashtirilgan tarzda olib borilmoqda. Viloyat boʻyicha elektr hisoblagich oʻrnatish ishlariga jami 234 nafar xodim jalb qilingani jarayonningiyanada tez va sifatli boʻlishiga imkon yaratmoqda. Bugun esa jurnalistlarga tizimning afzalligi xaqida taqdimotlar oʻtkazyapmiz. Bundan maqsad esa xalqaro mutaxassislar bilan olib borayotgan ishlarimizni keng jamoatchilikka yetkazishdir.

– Men yurtingizga ikkinchi bor kelishim, – dedi ozarbayjonlik jurnalist Xayala Mamedova. – Bu galgi xizmat safarim qiziqarli boʻlmoqda. Ayniqsa, tarixiy Samarqand meni oʻziga maftun etmoqda. “Aqlli” xisoblagichlarga kelsak, bizda ham shunga oʻxshash tizim oʻrnatilgan. Ammo bu biroz farqli ekan. Oʻzbek va Janubiy koreyalik mutaxassislardan bu tizim haqida koʻp maʼlumotlar oldik. Ammo biz ularga yanada koʻp savollar berayapmiz. Bu press-turning qiziqarli boʻlishiga imkoniyat yaratmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?