Yurtimizda "Оziq-ovqat mahsulotlari sifat haftaligi” boshlandi

11:18 23 Noyabr 2021 Jamiyat
260 0

Mamlakatimizda davlat siyosatini yanada mustahkamlash, yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish, har bir fuqaroda sogʻlom ovqatlanish va jismoniy faollik madaniyatini shakllantirish muhim ahamiyatga ega.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotiga koʻra, jismoniy faollik hamda ovqatlanish meʼyor va qoidalariga amal qilmaslik, tarkibida tuz, qand, yogʻ miqdori koʻp boʻlgan taom va shirinliklarni meʼyoridan ortiq isteʼmol qilish qator kasalliklarning rivojlanishiga sabab boʻladi. Bundan tashqari, yetarli darajada vitamin va minerallar isteʼmol qilmaslik oqibatida yoshlarda ratsional oʻsish va aqliy rivojlanishda ortda qolish, kattalarda esa yurak qon-tomir, endokrin, xavfli oʻsma kabi insonning erta oʻlimiga olib kelib kelishi kuzatilmoqda.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining sogʻlom ovqatlanishini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish Agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda “Oziq-ovqat mahsulotlari sifat haftaligi” tadbirini 2021-yildan boshlab har yili noyabr oyida oʻtkazish belgilangan.

Respublikamizda 22 — 27-noyabr kunlari oʻtkaziladigan “Oziq-ovqat mahsulotlari sifat haftaligi” davomida aholiga ommaviy axborot vositalari orqali sifatli va xavfsiz ovqatlanish tamoyillari, tarkibida tuz, qand va yogʻ miqdori belgilangan meʼyorlardan yuqori boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini inson sogʻligʻi uchun zarari, bolalar va oʻsmirlar tomonidan kuchli gazlangan, rangli, shirin hamda energetik ichimliklarning isteʼmolini tartibga solish boʻyicha tavsiyalar aks etgan reportajlar va lavhalar namoyish etiladi. 

Bundan tashqari, mutaxassislar ishtirokida davra suhbatlari, brifinglar, uchrashuvlar va intervyular shaklida keng jamoatchilikka yetkaziladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?