Yurtimiz orqali olib oʻtib ketilayotgan qariyb 172,5 kilogramm giyohvandlik vositalari fosh etildi

16:21 05 Noyabr 2020 Jamiyat
260 0

Davlat bojxona qoʻmitasi Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi “Sariosiyo” temir yoʻl chegara-bojxona posti xodimlari  Davlat xavfsizlik xizmati hamda Chegara qoʻshinlari bilan hamkorlikda yirik miqdordagi giyohvand moddalarni respublikamiz hududidan qonunga xilof tarzda olib oʻtishga boʻlgan urinishni fosh etishdi.

Qoʻshni davlatdan kirib kelgan va respublikamizdan tranzit tarzida oʻtayotgan yuk poyezdi inspeksion koʻrik majmuasi orqali bojxona koʻrigidan oʻtkazilganida, vagonlardan birining shubhali skaner tasvirlari bojxona xodimlarining eʼtiborini tortdi.

Mazkur vagon kinologiya xodimlarining xizmat itlari yordamida chuqurlashtirilgan bojxona nazoratidan oʻtkazilganida, vagonning ostki qismida maxsus hufyona joylar tayyorlanganligi aniqlandi.

Ushbu hufyona joylar belgilangan tartibda ochib koʻrilganida esa, ularning ichiga qora rangli sellofan paketlarga skotchlangan holda         23 dona 5 litrlik sigʻimga ega yelim idishlar yashirilgani fosh boʻldi.

Qarangki, yelim idishlarning 4 tasiga oq rangli oʻtkir hidli 11 kg. 987 gr. ogʻirlikdagi geroin, 2 kg. 592 gr. gashish hamda 19 dona yelim idishlarga jigarrang tusdagi oʻtkir hidli 81 kg. 348 gr. hajmdagi gashish moyi solingan ekan.

Shundan soʻng viloyat bojxonachilari Davlat xavfsizlik xizmati, Chegara qoʻshinlari hamda ichki ishlar xodimlari tomonidan tezkor tadbir davom ettirilib, “Darband” temir yoʻl stansiyasida mazkur poyezd tarkibida boʻlgan yana bir vagon tekshiruvdan oʻtkazildi.

Natijada, ushbu vagonning ostki qismida ham temir listlar yordamida tayyorlangan maxsus hufyona joyda qora rangli sellofan paketlarga skotch bilan oʻralgan jami 21 dona 5 litr hajmli polietilen idishlar yashirilganligi va ularning ichida 30 kg. 648 gr. «Gashish» giyohvandlik vositasi hamda 45 kg. 906 gr. «Gashish moyi» giyohvandlik vositasi mavjudligi aniqlandi.

Oʻtkazilgan tadbirlar davomida qariyb 172,5 kg. ogʻirlikdagi giyohvand vositalarning respublikamiz hududidan yashirin ravishda oʻtkazilishiga chek qoʻyildi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan  jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tegishli tergov organlariga yuborildi.

Taʼkidlash joizki, bojxona sohasiga eng ilgʻor zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etgan holda “raqamli bojxona”ga oʻtish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar oʻz samarasini bermoqda. Xususan, shu kabi qonunbuzarlik holatlarini oldini olish maqsadida respublikamiz bojxona postlari yuk avtotransport vositalari, temir yoʻl poyezdi va vagonlarini nazorat-rentgendan oʻtkazishga moʻljallangan jami 19 ta inspeksion koʻrik majmualari bilan taʼminlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?