Yurt taqdiriga daxldorlik tuygʻusi

19:29 09 Avgust 2021 Jamiyat
460 0

Bashariyat tafakkuri va dunyoqarashi rivojlanib borar ekan u bilan hamohang tarzda ijtimoiy voqelik ham oʻzgarib boradi. Buyuk mutafakkir Abu Nasr Farobiy taʼbiri bilan aytganda, inson tafakkurining kamol topib borishi mavjud jamiyatga ham oʻz taʼsirini koʻrsatmay qolmaydi.

Yangilanayotgan tafakkur esa yangicha islohotlarga zamin yaratadi. Jamiyat esa islohotlar bilangina tirikdir. Islohotlar ayni paytda ijtimoiy voqelikning tarkibi sifatida davr bilan hamnafas takomillashib, oʻzgarib, yangilanib boraveradi.

Buni hozirda yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi islohotlar bilan ham qiyoslasak boʻladi. Misol uchun soʻngi yillarda olib borilgan keng koʻlamli izchil demokratik islohotlar natijasi oʻlaroq, mamlakatimizda aholining siyosiy dunyoqarashi, saviyasi, siyosiy ongi va madaniyati yuksalib, siyosiy jarayonlarda faol ishtiroki kuzatilmoqda. Bu, albatta, saylovlarda ham oʻz aksini topmoqda. Buni biz fuqarolarimiz, xususan, yoshlarimizning munosabati misolida ham koʻrishimiz mumkin.

Bugungi kunda prezidentlik sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni tan olingan xalqaro andozalar asosida oʻtkazish jarayoni ham yangicha siyosiy tafakkurning mevasi, deyishimiz mumkin.

Fikrimizni yana-da yorqinroq ifodalaydigan boʻlsak, yurtimizda davlatimiz rahbari rahnamoligida sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilyapti. Demokratiya sari intilgan har bir davlatda fuqarolarning siyosiy ongi va madaniyati yuksalib, davlat boshqaruvidagi ishtiroki, oʻz manfaatlarini ifodalashga boʻlgan intilishi yana-da kuchliroq namoyon boʻladi. Bu, albatta, erkin saylovlarda oʻz ifodasini topadi. Umumeʼtirof etilgan talablar asosida ishlab chiqilgan saylovga oid munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarimiz erkin va adolatli saylov jarayonlarini tashkil etishda muhim huquqiy asos sifatida xizmat qilmoqda. Ular oʻz navbatida, fuqarolarimizning saylov jarayonida erkin tanlovni amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib bermoqda.

Koʻplab demokratik davlatlarda boʻlgani kabi mamlakatimizda ham saylov jarayonida fuqarolarning erkin tanloviga shart-sharoit yaratish borasida bir qancha amaliy ishlar qilinmoqda. Oʻzbekistondagi saylov bilan bogʻliq demokratik islohotlar xorijlik mutaxassis-ekspertlar tomonidan ham yuqori baholanmoqda.

Ularning fikricha, siyosiy hayotni erkinlashtirishga qaratilgan demokratik islohotlar bilan yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida muhim qadam tashlanayotgani, jamiyatdagi barqarorlikni taʼminlashga, aholining keng qatlamlari huquq va manfaatlarini muhofaza qilishga xizmat qiluvchi saylov qonunchiligi asoslarini yana-da takomillashtirayotganini qayd etmoqdalar.

Oʻtgan besh yillik davr mamlakatimizda milliy davlatchiligimizning mustahkamlanishi va demokratik anʼanalarning rivojlanishi bosqichi boʻldi. Bu davr mobaynida fuqarolarning siyosiy jarayonlarda, davlat va jamiyatni boshqarishda ishtirok etishining huquqiy asoslari va mexanizmlari muntazam takomillashtirib borildi. Oʻzbekistonda nafaqat saylov qonunchiligi yangilandi, balki saylovlarga boʻlgan yondashuv falsafasi ham oʻzgardi.

Saylov demokratik islohotlar natijasi sifatida fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishga faol jalb qilishning eng muhim shakllaridan biridir. Oʻzbekistonda saylov tizimi va saylov huquqi chinakam demokratik prinsiplarga asoslangan boʻlib, prinsiplar Oʻzbekiston fuqarolarining davlat suverenitetini toʻliq amalga oshirishni taʼminlaydi. Fuqarolarni saylovga jalb etish, saylovni tashkil qilish va nomzodlarning saylovchilar bilan oʻzaro munosabatlarini belgilaydigan tartibi demokratik saylov tizimi deyiladi.

Har qanday demokratik yoʻldan rivojlanayotgan davlat singari, Oʻzbekiston Respublikasi saylov qonunchiligida belgilab qoʻyilganidek, saylov jarayoni bir-birini toʻldiruvchi va ayni vaqtda ketma-ket keluvchi bir qancha bosqichlardan iborat. Saylov jarayonining bosqichlari, bu — saylovlarni tashkil etish va oʻtkazishning belgilangan davrlaridir. Ular doirasida qonunlarda koʻzda tutilgan saylov bosqichlari, shuningdek, saylovchilar hamda saylov jarayonining boshqa ishtirokchilariga oid huquqlarning amalga oshirilishini taʼminlovchi saylov harakatlari amalga oshiriladi.

 Ayni paytda Fargʻona davlat universiteti jamoasi, talaba-yoshlari ham Vatanimiz kelajagiga daxldor boʻlgan bunday ulkan siyosiy tadbirga turli darajadagi ilmiy-amaliy va targʻibot ishlari orqali oʻz hissasini qoʻshish bilan siyosiy faollik koʻrsatmoqda, desak, ayni haqiqat. Chunki mamlakat uchun munosib rahbar saylashda ishtirok etish — yurt taqdiriga daxldorlik tuygʻusini his etish, albatta, barchamiz uchun ahamiyatli. Saylovchilarning siyosiy bilimlarini oshirish, aholining, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarning huquqiy madaniyati, elektoral faolligini kuchaytirish borasida universitetning professor-oʻqituvchilari ishtirokida joylarda sayyor seminarlar, oʻquvlar tashkil etib kelinmoqda.

 Bundan maqsad demokratik islohotlar natijasi boʻlmish saylovlarni mohiyatini keng jamoatchilikka, ayniqsa, yoshlarga tushuntirish va shu asosda prezident saylovi kampaniyasida faol ishtirok etishini taʼminlashga erishishdir.

Umuman, har bir yosh oʻz taqdirini yurt taqdiri bilan bogʻlar ekan, ertaga saylovlarda saylovchi sifatida toʻgʻri tanlov qila olishi, tenglik prinsipiga amal qilishi, jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan qatʼiy nazar saylov huquqidan foydalanishni bilishi — bu bizning bugungi amaliy harakatlarimizga bogʻliq.

Bahodirjon SHERMUHAMMADOV,

Fargʻona davlat universiteti rektori,

pedagogika fanlari doktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?