Yuridik texnikum bitiruvchilarini yurisprudensiya yoʻnalishi boʻyicha OTMga qabul qilish tartibi belgilandi

10:27 23 Noyabr 2021 Jamiyat
248 0

Hukumat qarori (705-son, 22.11.2021-y.) bilan Adliya vazirligi yuridik texnikumi bitiruvchilarini yurisprudensiya yoʻnalishi boʻyicha oliy taʼlim muassasalariga qabul qilishga oid nizom tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq, hududiy adliya organlari har yili 10-iyungacha yuridik texnikum bitiruvchilariga yoʻllanma berish masalasini koʻrib chiqish uchun komissiya tuzadi.

Bitiruvchilar yoʻllanma olish uchun komissiyaga 20-iyungacha onlayn platforma orqali murojaat qiladi.

Arizalar 20-iyundan 30 iyungacha quyidagi asosiy talablar boʻyicha koʻrib chiqiladi:

— har bir fan boʻyicha reytingi 71 va undan yuqori boʻlishi (sirtqi yoki masofaviy taʼlimda oʻqiganlar uchun 85 va undan yuqori);

— chet tilini B2 va undan yuqori darajada bilishini tasdiqlovchi sertifikati boʻlishi;

— maʼnaviy-maʼrifiy va jamoat ishlari, loyihalar va tanlovlarda faol ishtirok etgan, shaxsiy yutuqlar mavjud boʻlishi;

— ichki tartib-qoidalarga, odob-axloq qoidalariga rioya etishi kerak;

Yoʻllanma olganlar hujjatlarini 5-25-iyulda OTMga onlayn yuboradi.

Yoʻllanma olganlar bilan yakka tartibdagi suhbat 10-25-avgustda oʻtkaziladi.

Suhbatda mamlakatdagi islohotlar mohiyati, ixtisoslikni tanlashdagi motivatsiya, shaxsiy-kasbiy xususiyatlar, yuridik bilimlar aniqlanadi va baholanadi.

Suhbat natijalari 30-avgustgacha abituriyentni oʻqishga qabul qilish uchun tegishli OTMga yuboriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?