YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Fargʻonada “Atlas bayrami”ga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishdi

10:27 26 Sentyabr 2022 Jamiyat
479 0

Foto: Xalq so‘zi

Maʼlumki, shu yilning 20-22-oktyabr kunlari Fargʻona viloyatining ipakchilar shahri – Margʻilonda anʼanaviy “Atlas bayrami” festivali oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Oʻtgan haftaning soʻnggi kunlari YUNESKOning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi boshchiligidagi taniqli mutaxassislar va ekspertlardan iborat delegatsiya vakillari Fargʻona viloyatiga tashrif buyurib, festivalga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishdilar.

Hozirda viloyatda, xususan, Margʻilon shahrida “Atlas bayrami” beshinchi milliy matolar festivaliga qizgʻin tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Eʼtiborlisi, 20-oktyabr kuni festivalning tantanali rasmiy ochilish marosimida Margʻilonga Butunjahon hunarmandlar kengashi tomonidan Hunarmandlar shahri maqomi belgilangan maxsus sertifikat topshirilishi kutilmoqda.

— Agar taʼbir joiz boʻlsa, keyingi yillarda Fargʻona mamlakat va xalqaro miqyosdagi festivallar, bayram tadbirlariga mezbonlik qilish borasida katta yutuqlarga erishyapti, — deydi Respublika “Hunarmand” uyushmasining Fargʻona viloyati boʻlimi rahbari Rasuljon Mirzaahmedov. — Ishonamizki, ushbu tadbirni ham yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazish uchun salohiyatimiz yetarlidir.

Bu kabi izchil saʼy-harakatlar turizm sohasida Fargʻonaning oʻziga xos brendini yaratish hamda milliy qadriyat va anʼanalarimizni keng targʻib etishda muhim ahamiyatga ega.

Oʻz navbatida Sara Noshadi mazkur festival yuqori saviyada oʻtkazilishi va jahon hamjamiyatida Oʻzbekistonning bu boradagi oʻziga xos salohiyati yana bir bor toʻliq namoyon etilishiga ishonch bildirdi. Festivalda dunyoning turli mamlakatlaridan mashhur dizaynerlar, hunarmandlar, xalq amaliy sanʼati ustalari, jurnalistlar ishtirok etish istagini bildirayotganini mamnuniyat bilan taʼkidladi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?