Yulduz Usmonova ishi boʻyicha sud majlisi boʻlmadi

20:09 05 May 2020 Jamiyat
1779 0

Avvalroq Yulduz Usmonovaning ijtimoiy tarmoq orqali mamlakat ichki ishlar xodimlari faoliyatiga kurakda turmaydigan soʻzlar bilan baho bergani sudda koʻrib chiqilishi mumkinligi haqida xabar bergandik.

Hozirgina xabar berilishicha, bu sud majlisi boʻlmagan. Aniq sabablar ochiq aytilmayapti. Shunisi maʼlumki, sud majlisiga Yu.Usmonova kelmagan.

Eslatib oʻtamiz, ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova Sardoba fojiasida jabr koʻrgan oilalarga yordam aksiyasini boshlagani haqida xabarlar tarqalgan, kecha esa xalq artistining mamlakat ichki ishlar xodimlaridan norozilik kayfiyatidagi chiqishi ijtimoiy tarmoqlarda juda tez tarqalib, koʻplab muhokamalarga sabab boʻlgan edi.

Yulduz Usmonova “jonli chiqishida“ aytishicha, xayriya ishlarini tartibga solishda ichki ishlar xodimlaridan yordam soʻragan. Ammo huquq-tartibot idoralari uning bu murojaatini eʼtiborsiz qoldirgan. Bundan gʻazablangan xonanda xodimlar faoliyatiga kurakda turmaydigan soʻzlar bilan baho beradi.

Oʻz navbatida ichki ishlar tizimi xodimlari bu holatga befarq qarab turmadi. Ular xalq artistining bu chiqishini va haqoratli soʻzlarini sudda hal qilishga kirishdi.

Xonanda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41-moddasi (haqorat qilish, yaʼni shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish) bilan ayblanishi ehtimoli aytilayotgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?