“Imtiyozchi”lar uchun alohida kvota belgilanishi va ular “kontraktchi”lar qatorida boʻlishi kerak — OTMlarga kirishdagi imtiyozlar haqida

17:26 30 Sentyabr 2020 Jamiyat
790 0

Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda ayrim ayrim soha vakillarining farzandlariga berilayotgan imtiyozlar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Ushbu masala yuzasidan “Nodavlat taʼlim muassasalari assotsiatsiyasi” raisi oʻrinbosari Bobur Rasulov oʻz munosabatini bildirdi.

"Shaxsan men bu masalada sukut saqlamoqchi edim chunki, bu masala menga va oilamga hozirda daxldor emas, chunki uchta farzandimdan ikkitasi oliygohni tamomladi, uchinchisi esa 3 kursda tahsil olmoqda, lekin....

Katta oʻgʻlim 2015-yilda kollejni tamomlashiga yaqin men unga, “Oʻgʻlim, men seni oʻqishga pul bilan kirgizib qoʻya olmayman, bu meni prinsiplarimga toʻgʻri kelmaydi, qolaversa ortiqcha pulim xam yoʻq, agar yaxshilab tayyorlanib, “Vestminster”gami, yoki “Singapurga”mi kirsang, amallab yillik kontraktni toʻlab beraman. Bilishimcha u yerda oʻqishga kirishda haqqoniylik bor!” deb aytdim. Oʻgʻlim bir yil repetitorga qatnab tayyorlandi, aytganimdek oʻz kuchi bilan harakat qilib, oʻqishga kirib xam keldi, 4 yil oʻqib, bu yil muvaffaqiyat bilan oʻqishni tamomladi.

2017-yil, hamma oliygohlarda test sinovlarini oʻtkazishda shaffoflik boʻlishi haqida vaʼdalar berildi. Shaxsan oʻzim jamoatchilik vakili sifatida, 2 ta oliygohda oʻqishga kirish test sinovlarida qatnashdim. 2018-yil kenja oʻgʻlim oliygohga kiradigan vaqt keldi va arxitektura sohasini tanladi. Men unga “Oʻgʻlim endi hammasi boshqacha, oliygohlarda shaffoflik, adolat taʼminlanmoqda, shaxsan oʻzim test sinovlarini oʻtkazilishini kuzatdim, endi “byudjet”ga harakat qilib koʻrsang boʻladi!” deb aytdim. Xuddi katta oʻgʻlimdek 1 yil davomida bir necha repetitorga qatnadi, lekin afsus, men unga aytganimcha boʻlmadi, fikrimcha test sinovlarining natijasini hisoblashda va ijodiy imtihonda unga nisbatan adolatsizlik boʻldi. Mayda detallarini aytib buni isbotlashga urinib xam oʻtirmay, fikrimni isboti sifatida oʻgʻlimni darhol “Turin” va yangi ochilgan Janubiy Koreyaning “Yojdun” universitetiga imtihon topshirib, ikkalasiga xam kirganini keltirishim mumkin. Hozirgi vaqtda u “Yojdun” universitetining 3 kursda tahsil olmoqda va IT sohasida juda katta muvaffaqiyatga erishib oʻqishni davom ettirmoqda.

Xoʻp, menku tadbirkor boʻlganim uchun, uchala farzandimni ham kontraktlarini yoki chet davlatlar universitetlarining filiallarida oʻqishi uchun pul toʻlash imkoniyatiga ega boʻlganim uchun buni uddaladim. Lekin yaxshi oʻqigan, iqtidorli va juda xam oʻqishga kirishni istayotgan yurtimizning farzandlarimiz nima qilishi kerak? Men test sinovlarida, oliygohlariga kirishdagi gapirilaverib siyqasi chiqib ketgan, korrupsiya mavzusini koʻtarib ham oʻtirmayman, chunki buni bu sohadagi mutasaddilar, biz qancha bu masalani gapirmaylik, muhokama qilmaylik, tanqid qilmaylik, ular bunga parvo ham qilishmayapti. Shuning uchun, bu gal masalani boshqa tomoniga eʼtiborlaringizni qaratmoqchiman.

Imtiyozlar masalasi! 

Tushunaman. Davlat idoralarida, davlat uchun xizmat qilayotganlarni xam, qaysidir jihatdan qoʻllab quvvatlanishini tushunish mumkin, ularni farzandlari uchun imtiyozlar berilishi bugungi kunda muhimdir. Ammo oʻzi davlat oliygohlarida, oʻqishga kirmoqchi boʻlganlarni bor yoʻgʻi 10-12 foiz qamrab olgan boʻlsa, ularning ichidan ham byudjetga kiradiganlarni qismi 30 foizni tashkil qilsa, bu 30 foizni bir qismini “imtiyozchi”lar, boshqa bir qismini esa tanish-bilishchilar va pul bilan kiradiganlar egallasa, iqtidorli, kelajakda yaxshi mutaxassis boʻlishi mumkin boʻlgan, lekin kontrakt toʻlovlarini toʻlash imkoniyatiga ega boʻlmagan yoshlarimizni oʻqishga boʻlgan ishtiyoqini pasayishiga, oʻzi shundoq xam yurtimizdagi kadrlar masalasi, yaxshi mutaxassislar yetishmasligi muammosini chuqurlashishiga sabab boʻlmaydimi?

Bu muammoni yechimi...

Albatta birinchi boʻlib oliygohlarda va DTM tizimida, oʻqishga kirish masalasidagi korrupsiyani jilovlash va imkon boricha bartaraf etish.

Ikkinchi masala, yaʼni “imtiyozchilar”ga kelsak, agar ularni oʻqitish davlat uchun nihoyatda muhim boʻlsa, birinchidan ularga limit belgilanishi kerak, aniq qilib, 20% yoki 15% qilib koʻrsatilishi kerak. Bu har xil suisteʼmollar boʻlishiga yoʻl qoʻymaydi. Qolaversa aynan shu limitdagi “imtiyozchilar” - “byudjet”chilarning tarkibida emas, “kontrakt”chilar tarkibida boʻlishi kerak va davlat tomonidan, tegishliligi qarab tashkilotlar tomonidan, yoki alohida fond tashkillashtirilib, shu fond tomonidan moliyalashtirilishi kerak. Yanada tushunarli qilib aytiladigan boʻlsa,

1) "Byudjetchi"lar – 30 foiz - iqtidorli, testlarda yuqori bal olgan talabalar, - davlat byudjeti tomonidan moliyalashtiriladi,

2) “Imtiyozchi”lar – 20 foiz - Imtiyozlar hisobiga oʻqishga qabul qilinadiganlar – Tashkilotlar, fondlar yoki davlat byudjeti tomonidan moliyalashtiriladi,

3) “Kontraktchi”lar – 50 foiz - Pastroq ball bilan oʻqishga kirganlar – kontrakt asosida toʻlov orqali moliyalashtiriladi.

Prognoz

Davlatni Oliy taʼlim masalasida olib borayotgan siyosati umuman olganda toʻgʻri, chunki oliy taʼlimda raqobatni yuzaga keltirish orqaligina bu muammoni samarali yechimini topishi mumkin. 5 yil ilgari chet davlatlar universitetlarining filiallari 4 ta (Vestminstr, Singapur, Turin va Inxa) boʻlgan boʻlsa, hozirda yurtimizda xar yili 2 – 3 xorij universitetlarining filiallari ochilmoqda. Ilgari bu filiallarda oʻqish uchun juda katta toʻlovlar boʻlgan boʻlsa, hozirda raqobat sababli toʻlovlar miqdori pasayib bormoqda. Davlat tasarrufidagi oliygohlardagi toʻlovlar esa, aksincha muntazam oshib bormoqda. Davlat oliygohlarda oʻqish davomida sarflanadigan rasmiy va norasmiy xarajatlarni hisobga oladigan boʻlsak, davlat tasarrufidagi va xorijiy universitetlarni filiallaridagi toʻlovlardagi farq kamayib bormoqda. Endi agar “byudjet”ga kirish imkoniyatlari yuqorida taʼkidlagan oʻtganim sabablarga koʻra, kamayib borsa, talaba boʻlish niyatidagilarning aksariyati xorij universitetlarining filiallariga oʻqishga kirishni boshlaydi, davlat oliygohlari esa shu sababli iqtisodiy tomondan qiynalib qolishadi va ularni bankrot boʻlishiga ham olib kelishi mumkin. Bu esa ularning xorij universitetlari bilan taʼlim sifati va kontrakt narxlari boʻyicha raqobat qilishga va bu raqobatda yutqazmaslik uchun sifatni oshirib, narxlarni tushirishga majbur boʻlishiga olib keladi. Xullas davlat oliygohlari, yoki yangi sharoitda ishlashga, adolat va halollik tamoyillariga boʻysunishiga majbur boʻladilar yoki taʼrixning bir sahifasiga aylanishadi!

Ps. Tanqid qilganim uchun, meni xuddi Qobil Dusov kabi sudga berishmaydi deb umid qilaman. Har xolda , bizda soʻz erkinligini bekor qilingani yoʻq! Yoʻq, sud jarayonidan qoʻrqqanim uchun emas, chunki men bu masalada haqligimni bilaman, bor yoʻgʻi vaqtim bekor ketishidan choʻchiyapman, boshqa zarur ishlarim qolib ketadi. Lekin korrupsiya bu xalqqa, davlatga nisbatan xiyonat! Bu soʻzlarimdan qaytmayman va bu soʻzlarimga har qayerda javob berishga tayyorman", deydi Rasulov.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?