Yuksak eʼtibor muvaffaqiyatlarimizning mustahkam asosi boʻlmoqda

18:53 20 Sentyabr 2021 Sport
656 0

Baʼzan hayot zarbalari, tashvishlari oldida oʻzimizni ojiz sezamiz, tushkunlik hissi bizni bagʻriga oladi. Hayotdan noliymiz. Biroq matonati, sabr-bardoshi bilan inson har qanday ogʻir damda ham oʻzligini yoʻqotmagani bilan aziz. Ana shunday insoniylikning yuksak namunasini koʻrsatayotganlar faqat afsonalarda emas, sizu bizning yonginamizda, zamondoshlar orasida ham mavjud.

Shu maʼnoda ham joriy yilning 24-avgust — 5-sentyabr kunlari Yaponiya poytaxti Tokio shahrida XVI yozgi Paralimpiya oʻyinlarida oʻzbekistonlik sportchilar yuksak matonat, jasorat va mahorat koʻrsatib, 19 ta medal jamgʻarib, umumjamoa hisobida 160 dan ziyod davlatlar oʻrtasida oʻn oltinchi oʻrinni egallagani xalqimizga cheksiz faxr hamda iftixor tuygʻularini bagʻishladi. Bu muvaffaqiyatlarning zamirida yoshlar tarbiyasiga davlatimiz rahbari tomonidan koʻrsatilayotgan eʼtibor mujassamdir.

Sportchilarimizning katta tantana bilan kutib olinishi, “Yangi Oʻzbekiston” majmuasida tashkil etilgan paralimpiyachilarimizni sharaflash marosimi, Prezidentimizning XVI yozgi Paralimpiya oʻyinlarida qatnashgan sportchi va murabbiylar, paralimpiyachilarning ota-onalari bilan uchrashuvi — bularning barchasi sportchilar uchun kutilmagan sovgʻa boʻldi. Minglab vatandoshlarimiz chempionlarni sharaflash uchun poytaxt koʻchalariga chiqishdi.

“Yangi Oʻzbekiston” majmuasida uyushtirilgan sharaflash marosimida Paralimpiya oʻyinlari ishtirokchilari, gʻolib va sovrindorlari, ularning ota-onalari samimiy muborakbod etildi, sportchilarimizga Prezident sovgʻalari — avtomobillar, uylar va pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi. Albatta, bunday eʼtibor ularga katta ragʻbat beradi.

Mamlakatimiz rahbari 10-sentyabr kuni XVI yozgi Paralimpiya oʻyinlarida qatnashgan sportchi va murabbiylar, paralimpiyachilarning ota-onalari bilan uchrashdi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq, Tokio shahrida boʻlib oʻtgan XVI yozgi Paralimpiya oʻyinlarida yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiylardan bir guruhiga faxriy unvonlar, orden hamda medallar tantanali ravishda topshirildi.

Prezidentimiz bilan oʻtgan uchrashuvda delegatsiyamiz aʼzolari alohida hurmat bilan kutib olindi. Bu yerdagi koʻtarinkilik gʻoliblik shohsupasidagi hayajondan ham baland boʻldi. Chunki davlat rahbarining eʼtibori, xalqimiz hurmati oliy baxt, bebaho mukofotdir. Sportchilarimiz natijasi yangi Oʻzbekistonning yangi gʻalabasi sifatida eʼtirof etildi. Mustaqillik bayramiga bagʻishlangan tantanada Yurtboshimiz paralimpiyachilarimizga ishonch bildirib, ularni olqishlab, muvaffaqiyat tilagan edi. Jamoamiz bilan bunday yuksak ishonchni oqlashga astoydil harakat qildik.

Davlatimiz rahbari bilan uchrashuvda yurtimizda paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish masalasi asosiy diqqat markazida boʻldi. Chunki zamon shiddat bilan oʻzgarmoqda. Ana shu oʻzgarishlarga tezkorlik bilan javob qaytarmasak, ertaga kech boʻladi. Demak, yangi natijalar uchun bugundan harakatni boshlashimiz lozim. Prezidentimiz uchrashuvda erishilgan natijalarni mustahkamlab, yanada koʻproq yutuqlarni qoʻlga kiritish uchun 2024-yilda Parijda boʻladigan navbatdagi yozgi Paralimpiya oʻyinlariga hozirdanoq aniq tizim asosida tayyorgarlik koʻrish zarurligini taʼkidladi va bu boradagi muhim vazifalar belgilab berildi.

Ularga koʻra jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarni sportga keng jalb etib, paralimpiya harakatini rivojlantirish, iqtidorlilarni saralab, tarbiyalash, xorijdan tajribali mutaxassis va murabbiylar jalb qilish, sport taʼlimi maskanlarida paralimpiya boʻyicha boʻlimlar tashkil etilib, qoʻshimcha kvotalar ajratilishi, maxsus oʻquv dasturlari va metodika joriy qilish, kelgusi oʻquv yilidan boshlab, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi qoshida Paralimpiya sport turlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlash institutini tashkil etish vazifasi qoʻyildi. Shuningdek, paralimpiyachilarning salomatligini mustahkamlash, jismoniy va ruhiy tayyorgarligini oshirish maqsadida ularni Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markaziga biriktirish, dori-darmon bilan taʼminlash muhimligi taʼkidlandi.

Murakkab va murosasiz bellashuvlar yakunida sakkizta oltin medal qoʻlga kiritildi. Eʼtiborlisi, bu safar birinchi marta sportning taekvondo turi boʻyicha ham oltin medal jamgʻarildi. Ayni shu jihat ham mamlakatimizda paralimpiya harakati yangi sport turlari bilan kengayib borayotganiga yorqin bir misoldir.

Oʻzbek sporti tarixidan joy olgan mazkur natijalar bardavom boʻlishi uchun harakatni bugundan boshlashimiz kerak. Chunki musobaqalar mavsumi davom etmoqda. Har bir xalqaro musobaqadagi ishtirok sportchilarning malaka va tajribasi oshishida katta maktab vazifasini oʻtaydi. Qolaversa, bu turnirlar 2024 Parijda boʻladigan Paralimpiya oʻyinlariga dastlabki qadamlar sanaladi. Joriy yilning sentyabr oyi oxirida para-pauerlifting boʻyicha jahon chempionati oʻtkaziladi. Mazkur dunyo birinchiligida Parij Paralimpiya oʻyinlari uchun dastlabki reyting ochkolari jamgʻariladi. Bundan tashqari, dekabr oyida Bahrayn davlatida yoshlar oʻrtasida Paraosiyo oʻyinlari tashkil etiladi. Qitʼamizning ushbu nufuzli musobaqasida ham sportchilarimizning muvaffaqiyatli ishtirokini taʼminlashimiz lozim.

Joriy yil 18-mayda Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilingan edi. Ushbu hujjat mamlakatimizda paralimpiya harakatini sifat, mazmun-mohiyat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbarining mazkur qarori jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarga sport bilan shugʻullanish uchun shart-sharoitlarni kengaytirish hamda ular oʻrtasida sport bilan shugʻullanuvchilar qamrovini yanada oshirishga xizmat qilishi bilan gʻoyat muhim ahamiyatga ega boʻldi. Shu bilan birga, hujjatda barcha turdagi sport taʼlim muassasalarida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bor shaxslar uchun sport boʻlimlarini bosqichma-bosqich tashkil etish hamda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan iqtidorli shaxslarni tanlab olish, ularni sport turlariga yoʻnaltirish, tayyorlash hamda oliy sport mahoratiga erishishini taʼminlovchi uzluksiz yagona kompleks tizim joriy qilinmoqda.

Oldimizda hali vazifalar juda koʻp. Sir emaski, hozir yuksak natijalar faqat yozgi Paralimpiya oʻyinlarida qayd etilmoqda. Demak, endi qishki Paralimpiya oʻyinlari dasturiga kiritilgan sport turlarini rivojlantirish boʻyicha ham ishlarni toʻgʻri tashkil qilishimiz zarur. Prezidentimiz uchrashuvda bu masalaga ham toʻxtalib oʻtib, endilikda qishki sport turlari boʻyicha ham paraatletlarni tayyorlash va qishki Paralimpiya oʻyinlarida ham munosib ishtirok etishni taʼminlash maqsadida “Amirsoy” togʻ-changʻi sport majmuasi hamda “Humo Arena” muz saroyi bazalarida paralimpiyachilar uchun sharoit yaratish boʻyicha topshiriqlar berdi. Hozirgi kunda bu borada rejalar ishlab chiqilmoqda. Maqsadimiz 2022-yili Xitoyda qishki Paralimpiya oʻyinlarida oʻzbekistonlik sportchilarning ishtirokini taʼminlash.

Prezidentimiz paralimpiyachilarimiz bilan uchrashuvda “Ular taqdir sinovlariga mardona bardosh berib, sabr-toqat va shukronalik ruhi bilan hayotda oʻz munosib oʻrnini topib yashayotganining oʻzi katta jasorat va qahramonlik namunasidir. Bunday insonlarning ibratli hayoti va faoliyati haqida xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz qanchalik koʻp xabardor boʻlsa, ulardan oʻrnak olib yashasa, bu jamiyatimizdagi maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirishga xizmat qiladi”, deya alohida taʼkidladi. Ayni shu jihat tufayli ham paralimpiyachilarimiz erishayotgan natijalar har qancha tahsinga loyiq.

Muxtorxon TOSHXOʻJAYEV, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?