Yuksak darajadagi eʼtirof ham sharaf, ham masʼuliyat bagʻishlaydi

19:32 02 Iyul 2021 Jamiyat
550 0

Kuni kecha Oʻzbekiston yoshlarining hayotida unutilmas kun boʻldi. 30-iyun — Yoshlar kunida yoshlarimizning oʻziga boʻlgan ishonchi bir necha karra oshishiga, xalqqa xizmat qilishdek orzulari roʻyobga chiqishiga turtki beruvchi tashabbuslar shaxsan Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surildi.

Aniq ishonch bilan ayta olaman, kecha Prezidentimizning Botanika bogʻida oʻtkazilgan tantanali marosimdagi maʼruzasi va undagi tashabbuslar nafaqat shu tadbirda ishtirok etgan yoshlar, keng jamoatchilik vakillarini, balki ularni voyaga yetkazayotgan mahalla-koʻy, ota-ona, ustoz, oʻqituvchilar, hatto u yoki bu sabablarga koʻra xorijiy davlatlarda umrguzaronlik qilayotgan hamyurtlarimizni ham behad quvontirdi.

Inson qachon quvonadi, qachon oʻzini baxtiyor his qiladi? Qachonki, oʻzi va yaqinlarini qiynab turgan masalaga yechim topa olsa, koʻngli, xayolidagi savollarga toʻgʻri javob ololsa...

Prezidentimiz maʼruzasida bildirilgan har bir masala va ularning yechimiga oid taklif va tashabbuslarni tinglab, ularni qayta-qayta oʻqir ekanman, bir necha yillar davomida yoshlar tashkilotida faol boʻlgan inson sifatida bir xulosamni bildirib oʻtsam: Forumda biz yoshlar oʻz vaqtida hatto ogʻiz juftlashga ham botinolmagan masalalar muammo sifatida oliy darajada tan olindi va bu masalalarga aniq yechimlar qayd etildi.

Davlatimiz rahbari oʻz maʼruzasida yaqindagina rasmiy delegatsiya vakillari bilan parlamentga tashrif buyurgan taniqli siyosatchi, Parlamentlararo ittifoqning Bosh kotibi Martin Chungongning bir fikrini yodga oldilar. Janob Chungong «Sayyoramiz aholisining yarmidan koʻpini 30 yoshgacha boʻlgan insonlar tashkil etsa-da, butun dunyo boʻyicha yosh deputatlarning ulushi 2,6 foizga ham yetmas ekan. Oliy martabali mehmon Oʻzbekistonda bu koʻrsatkich 6 foizdan oshgani»ni alohida eʼtirof etdi.

Eʼtiborlisi shundaki, yurtimizda Yoshlar kuni nishonlangan 30-iyun kunida sayyoramizdagi eng keksa xalqaro tashkilotlardan biri – Parlamentlararo Ittifoq tashkiloti uchun ham muhim sana, yaʼni Xalqaro parlamentarizm kuni sifatida nishonlanadi. Parlamentlararo Ittifoq parlamentlar oʻrtasidagi aloqalarni ragʻbatlantirish va xalqaro tinchlik hamda hamkorlikni mustahkamlash ishida birgalikda faoliyat koʻrsatish uchun ularni birlashtirishga xizmat qiluvchi tashkilotlardan biridir.

Bugun, Oʻzbekistondagi parlament, oliy vakillik organida saylangan deputat sifatida yoshlarni parlament hayotiga yaqinlashtirish, qonun ijodkorligi jarayonlari bilan tanishtirish maqsadida tashkil etilgan Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti aʼzolarining faoliyatini kuzatish, ularga har tomonlama koʻmak koʻrsatish menga alohida zavq va kuch bagʻishlashini tan olaman.

Kecha Davlatimiz rahbari bu boradagi kichik xizmatimizni eʼtirof etgani esa, men va men kabi yosh deputatlarga ham sharaf, ham masʼuliyat bagʻishlaydi.

Biz, Qonunchilik palatasi deputatlari siyosiy yetuk va faol yosh yigit-qizlarimizni milliy parlamentimiz va mahalliy kengashlar faoliyatiga yana-da kengroq jalb etish, mahalliy kengashlarda yoshlar parlamenti vakillari maktabini tashkil etishga munosib hissa qoʻshish orqali xalqimiz va Prezidentimiz bildirayotgan ishonchni oqlashimiz lozim.

Shu oʻrinda bir masalaga eʼtibor qaratsam: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida Oʻzbekiston yoshlarining forumi mamlakatimiz tarixida ilk marotaba 2020-yil 25-dekabr kuni oʻtkazilgandi. Oʻttiz mingdan ortiq yoshlar ishtirok etgan mazkur forumda ham davlat rahbari har bir islohotni amalga oshirishda yoshlarning azmu shijoati va kuch-gʻayratiga suyanishini maʼlum qilgandi, bu davlatning, oʻzbek xalqining yoshlarga boʻlgan ishonchi naqadar yuksak ekanligi ifodasi edi.

Mazkur forumda Prezidentimiz yoshlar siyosati bilan bogʻliq inqilobiy fikrini bildirib oʻtgandi: “Yoshlar bilan ishlash Davlat Rahbaridan boshlab vazirgacha, hokimdan tortib mahalla raisigacha — hammamizning eng asosiy ishimizga aylanishi zarur. Bundan buyon barcha darajadagi rahbarlar faoliyatiga yoshlar bilan ishlash, ularning muammolarini bartaraf etish yuzasidan amalga oshirgan ishlariga qarab baho beriladi”.

Kecha, 30-iyunda oʻtkazilgan navbatdagi Yoshlar forumida biz, xalq vakillariga yana bir muhim vazifa qoʻyildi. Yaʼni, yoshlarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, xususan Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari, viloyat, tuman va shahar hokimlarining yoshlar masalalari boʻyicha muovinlari, oliygohlardagi tegishli prorektorlarning maqomi, vakolati va masʼuliyatini oshirish, ish uslublarini oʻzgartirish va mutlaqo takomillashtirishga hissa qoʻshishimiz bildirib oʻtildi.

Parlament palatalarida ana shunday mutasaddi rahbarlar faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash va ularning hisobotlarini eshitib borish tartibi joriy etiladigan boʻldi.

Odiljon TOJIYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?