Yovvoyi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan hayvonlarni saqlash va foydalanish tartibini belgilash nazarda tutilmoqda — qonun loyihasi

20:23 03 Oktyabr 2022 Jamiyat
306 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, yurtimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik holatni yaxshilash borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 

Xususan, kamyob va yoʻqolib ketish arafasida turgan yovvoyi hayvonlarni asrash, ularning tabiiy populyatsiyasini saqlab qolish yoʻlida ham qonunchilik takomillashtirib borilmoqda.

Qonun loyihasi bilan yovvoyi, Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan hayvonlarni saqlash va foydalanish tartibini belgilash nazarda tutilmoqda.

Hozirga qadar fuqarolar tomonidan yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni uy sharoitida saqlash masalasi huquqiy tartibga solinmagan. Shu sababli keyingi vaqtlarda yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlarni jamoat joylarida olib yurish, toʻy, maʼraka, yubiley hamda boshqa oilaviy tadbir va marosimlarga ular bilan birga kelish holatlari ortib bormoqda. Oqibatda fuqarolarning osoyishtaligi buzilib, salomatligiga jiddiy xavf paydo boʻlmoqda.

Qonun loyihasida yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitlarda, sunʼiy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlash, ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, namoyish qilish bilan bogʻliq yangi normalar belgilanmoqda.

Fraksiya aʼzolari hayvonot dunyosini muhofaza qilish tabiat va iqlim oʻzgarishlari sharoitida muhim ahamiyatga ega ekanini alohida qayd etishdi. 

Deputatlar hayvonot olamini asrash bilan birga, jamoat joylarida yovvoyi yirtqich va zaharli hayvonlardan foydalanishni cheklash, bu borada tartib-qoidalarni aniq belgilash zarurligini taʼkidlashdi. 

Qonun loyihasida nazarda tutilayotgan yovvoyi, yirtqich va zaharli hayvonlarni yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan saqlash taqiqlanishi haqidagi normani yanada aniqlashtirish, qatʼiylashtirish zarurligi boʻyicha takliflar bildirildi. Shundan soʻng, qonun loyihasi fraksiya aʼzolari tomonidan maʼqullandi.

Deputatlar yigʻilishda “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha kiritish haqida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihalari obdon koʻrib chiqilib, tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?