Yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish: milliy va xorijiy tajriba

18:55 19 Avgust 2022 Jamiyat
511 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi hamda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi hamkorligida “Barqaror rivojlanish maqsadlarida yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish: milliy va xorijiy tajriba” mavzusida xalqaro konferensiya oʻtkazildi.

Unda Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari boʻyicha komissiya aʼzolari, deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar, Yoshlar parlamenti vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, Prezidentimiz tashabbusi bilan Oʻzbekiston BMT Sammitida eʼlon qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlarining milliy darajada bajarilishi boʻyicha shartlarini qabul qilgan. Shunga koʻra, hukumat tomonidan 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar qabul qilingan va ular bugungi kunda tizimli ravishda amalga oshirilayotir.

BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari 17 global maqsad va ularning ijrosini taʼminlash yuzasidan 169 vazifalarni qamrab olgan boʻlib, ushbu maqsadlar ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizning barcha yoʻnalishlari qatorida ekologik masalalarni hal etishga ham qaratilgan.

Konferensiyada Yoshlar masalalari boʻyicha komissiya aʼzolari 2021-yilda Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalar doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Barqaror rivojlanish haftaligi tashkil etilganini qayd etishdi. Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda ham Komissiya aʼzolari hamda yoshlar faol ishtirok etgan.

Xalqaro konferensiya davomida mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari tomonidan 2030-yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning 12-maqsadi “2030-yilgacha chiqindilar hosil boʻlishini oldini olish, qayta ishlash va takroriy foydalanish boʻyicha choralarni qabul qilish orqali ularning hajmini 2030-yilgacha ikki baravarga qisqartirish” vazifasi borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida taqdimotlar qilindi.

Soʻz olgan Xalqaro tashkilotlar va jamoatchilik vakillari tabiatda roʻy berayotgan ekologik muammolar oqibatlarini bartaraf etishda ekologik taʼlim va madaniyatning oʻrni nihoyatda kattaligini bildirdi. Jumladan, ekologik madaniyat bu shaxsning atrof-muhitga maʼsuliyatli munosabatiga oid bilim, koʻnikma, qadriyat, maʼnaviy va ahloqiy meʼyorlar hamda ularni amalda ongli ravishda samarali qoʻllay bilish faoliyatining yuksak koʻrsatkichlari majmui ekanligini qayd etishdi.

Parlament quyi palatasi deputatlarining bildirishicha, bugungi kunda Konstitutsiyamizga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarda, jumladan, davlatning barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va himoya qilish, ekologik muvozanatni saqlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilab qoʻyilmoqda.

Konferensiyada ishtirokchilar tomonidan barqaror rivojlanish maqsadlarida aholining ekologik madaniyatini shakllantirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish yuzasidan qator takliflar ilgari surildi.

Yakunda bildirilgan taklif va mulohazalarni inobatga olgan holda, tegishli tavsiyalar qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер