Yoshlarning alohida toifalariga garovsiz kreditlar ajratiladi

17:21 13 Oktyabr 2021 Iqtisodiyot
352 0

Hukumat qarori (637-son, 12.10.2021-y.) bilan “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yangi turmush qurgan yoshlarning yakka tartibdagi xonadonida qoʻshimcha uy-joy qurish uchun garovsiz kredit ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga koʻra, kreditlar banklar tomonidan qaytarishlik, toʻlovlilik, taʼminlanganlik, muddatlilik va maqsadlilik shartlarida beriladi.

Kreditlar yoshlarning alohida toifalariga garovsiz asosda ajratiladi.

Bunda tegishlicha “Saxovat va koʻmak”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari kafilligi taqdim etiladi.

Kafillik berilganligi uchun toʻlov (mukofot puli) undirilmaydi.

Qarz oluvchilar, jumladan, quyidagi muvofiqlik mezonlariga mos boʻlishi lozim:

— 18 yoshga toʻlgan va 30 yoshdan oshmagan;

— yangi (ikkala tomon uchun birinchi marotaba) turmush qurgan;

— ilgari arzon uy-joy qurish dasturlari doirasida imtiyozli ipoteka krediti olmagan boʻlishi kerak.

Shunga koʻra, yoshlarning alohida toifalariga kreditlar:

— bozor stavkasida mijoz xohishiga koʻra 6 oy imtiyozli davr bilan;

— 20 yildan koʻp boʻlmagan muddatga;

— boshlangʻich badali yakka tartibdagi xonadonda qoʻshimcha qurilayotgan uy-joy qiymatining 15 foizidan kam boʻlmagan miqdorda;

— bir qarz oluvchiga 33 million soʻmdan oshmaydigan miqdorda beriladi.

Tegishli hujjatlar toʻliq taqdim qilingandan soʻng bank 3 ish kunida ariza beruvchiga kredit berish masalasini koʻrib chiqadi. Ariza qanoatlantirilgan taqdirda, kredit shartnomasi imzolanadi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?