Yoshlarni yodlashga emas, fikrlashga chorlaydigan metodika yaratish kerak

12:54 10 Noyabr 2020 Jamiyat
575 0

Davlatimiz rahbari oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan soha vakillariga yoʻllagan tabrik nutqida taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham ilm-fan, taʼlim va tarbiya ekanligini alohida taʼkidladi. Zero, bugun qaysi sohani olmaylik, zamonaviy yetuk kadrlarni tarbiyalamasdan turib farovon hayotga erishish qiyinligi kundek ravshan.

Binobarin, har bir oila, har bir kelajak avlod hayoti maktab bilan bogʻlanganini, bu masala davlatning, jamiyatning eng muhim yumushi ekanini inkor etib boʻlmaydi. Ayniqsa, bugungi modernizatsiya jarayonlari, islohot va oʻzgarishlar natijadorligi maktab taʼlimiga, yangi avlod kadrlarini yetishtirish masalasiga borib taqalayotgan bir vaqtda mazkur masala oʻta dolzarbdir.

Shu maʼnoda qishloq va shaharlarda taʼlim-tarbiya, madaniyat va maʼnaviyat tarqatadigan fidoyi insonlar sifatida maktab direktorlari va muallimlarga koʻp narsa bogʻliq. Negaki, maktablar nafaqat taʼlim maskani, balki mahallaning madaniy, intellektual markazi hamdir.

Bugun davr jamiyatda muallimning obroʻ-eʼtibori va maqomini koʻtarish, oʻquv dasturlari va metodikasini toʻliq qayta koʻrib chiqish, maktabni taʼlimning keyingi bosqichlari bilan uzviy bogʻlash, oʻqituvchilarni ortiqcha qogʻozbozlikdan xalos etib, oʻz ustida koʻproq ishlashi uchun sharoit yaratish va shuni ragʻbatlantirish, maktab infratuzilmasi va undagi maʼnaviy muhitni yaxshilashni talab qilmoqda. Shu jihatdan joylardagi rahbarlarning, mahalliy kengashlarning ushbu muhim masalaga yondashuvi va eʼtiborini tubdan oʻzgartirish, ularning masʼuliyati, javobgarligi va hisobdorligi mexanizmlari koʻrib chiqilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda.

Tan olish kerak, ayrim hollarda maktablarda oʻquvchilarni yodlashga oʻrgatadigan metodika bilan faoliyat yuritiladi. Bu esa kutilgan natijani bermaydi. Endilikda farzandlarimizni fikrlashga chorlaydigan metodika yaratish zarur. Masalan, bu borada Finlyandiya tajribasini olish mumkin. Ushbu mamlakat umumiy savodxonlik, tabiiy fanlar va matematika boʻyicha dunyoda eng ilgʻorlardan biri sanaladi. Oʻquvchilar oʻqituvchi bilan birga fikrlaydi, undan fikrlash, tasavvur qilish, aniq yechim topish boʻyicha motivatsiya oladi, savodxonlik ham yuqori.

Bir jihatdan koʻz yummaslik kerak. Maktablar bilim bilan birga tarbiya, maʼnaviyat maskani hamdir. Muhtaram Prezidentimiz bu ishlarga hududlarda yashab, ijod qilayotgan shoir va yozuvchilarni keng jalb qilish, maktablarning direktor jamgʻarmasidan va mahalliy byudjet mablagʻlaridan ularga oylik maosh toʻlash lozimligini taʼkidlagani zamirida ham maʼnaviyatning taʼlimga uygʻun holda olib borilishi maqsadi mujassam.

Aslida yuqorida tilga olgan masalalarimiz uchun vaqt kerak. Bir yoki ikki yilda koʻzlangan natijaga erishib boʻlmaydi. Lekin harakat, astoydil mehnat bilan samaradorlikka yetish lozim. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari bu borada “Bu – yillar davomida koʻrinmaydigan, ammo natijasi yaqin 10-15 yilda butun mamlakat qiyofasini tubdan oʻzgartirishga asos boʻladigan qudratli manba”, ekanini alohida qayd etdilar.

Abdulla ROʻZMETOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?