Davlat dasturi boʻyicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

14:08 27 Iyul 2021 Jamiyat
303 0

Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida 2021-yil mobaynida jami 273 ta band, jumladan joriy yilning 1-iyuliga qadar 126 ta band boʻyicha chora-tadbirlarning ijrosini taʼminlash nazarda tutilgan. “Taraqqit strategiyasi” markazi Axborot xizmati shu boʻyicha batafsil maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 15-iyul holatiga 99 ta bandi boʻyicha belgilangan chora-tadbirlar (shu jumladan, 9 ta band muddatidan avval) toʻliq ijro etilgan. Qoʻshimcha muddat talab etgan hamda sharoit va holatga bogʻliq boʻlgan 2 ta bandning ijro muddati uzaytirilgan boʻlsa, 29 ta band ijrosi boʻyicha tayyorlangan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va tegishli takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Prezidenti Administratsiyasiga kiritilgan. 2 ta band ijrosi boʻyicha esa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilgan. Shuningdek, 3 ta band ijrosini taʼminlash boʻyicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Davlat dasturi doirasida 2 ta Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, 5 ta Oliy Majlis palatalari Kengashlarining qoʻshma qarori, 2 ta Oliy Majlis Senati Kengashining qarori, 3 ta Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishi, 8 ta Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni, 24 ta Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori hamda 24 ta Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari qabul qilingan.

Shu bilan birga, 20 ta band boʻyicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. 13 ta band boʻyicha amaliy chora-tadbirlar yakunlanib, 7 ta band boʻyicha idoraviy va idoralararo normativ hujjatlar tasdiqlandi.

Bundan tashqari, Davlat dasturi va uning doirasida oʻtgan davr mobaynida salmoqli va keng koʻlamli ishlar olib borildi. Jumladan:

Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha

Respublika boʻylab 6 millionga yaqin gʻayrati baland, intiluvchan yoshlar ishtirokida yetuklik va haqiqiy vatanparvarlik koʻrigi boʻlgan “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida festivallar oʻtkazildi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev 30-iyun kuni Oʻzbekiston yoshlari va talabalari forumida ishtirok etdi.

Oʻzbekiston yoshlari va talabalari forumida ilgari surilgan yangi tashabbus va gʻoyalarni amalga oshirish hamda Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini soʻzsiz taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yana-da oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq quyidagilar belgilandi:

- 2021-yil avgust oyida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha boʻlgan har bir farzandi uchun Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 500 ming soʻm miqdorida bir martalik moddiy yordam koʻrsatilishi;

“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning davlat oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan farzandlariga 2021/2022 oʻquv yilida birinchi oʻquv yili uchun toʻlov-kontraktning toʻliq summasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab berilishi;

“Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalar farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga yangi turmush qurayotganida oʻz xonadonida qoʻshimcha uy-joy qurishi uchun 33 million soʻmgacha garovsiz kredit ajratilishi;

Yosh oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida ipoteka dasturi doirasida boshlangʻich badal va foiz toʻlovlari boʻyicha qoʻshimcha 2 mingta yosh oilaga uy-joy sotib olishi uchun subsidiya ajratilishi;

2021-yil 1-sentyabrdan boshlab respublikadagi oliy taʼlim muassasalarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqiyotgan talabalar uchun Markaziy bankning asosiy foiz stavkasi miqdorida va oʻqish muddati tugagandan keyin yettinchi oydan boshlab 7 yil muddatda qaytarish shartlari asosida taʼlim kreditlari berilishi;

Davlat organlari, tashkilot va muassasalarida faoliyat koʻrsatayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik roʻyxatiga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarini tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha ustamalar toʻlab borilishi;

2021-yil 1-sentyabrdan boshlab Toshkent shahrida Yoshlar biznes maktabi, 2022-yildan boshlab barcha hududlarda uning filiallari tashkil etilishi;

2021-yil 1-oktyabrdan boshlab yoshlarning “Biznesga birinchi qadam” startap gʻoyalari tanlovlarini tashkil etish hamda har bir tuman va shaharda kamida uch nafardan gʻolibga grantlar berish amaliyoti joriy etilishi;

Eng yaxshi loyihalarning har biri uchun bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha grant mablagʻlari berilishi va ular 2022-2023-yillarda Davlat byudjetidan 100 milliard soʻm miqdorida qoʻshimcha ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshirilishi;

2021/2022 oʻquv yilidan bosqichma-bosqich umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim muassasalarida axborot texnologiyalari darslari Kembrij dasturi asosida oʻtkazilishini hamda oʻqituvchilarning ushbu dastur asosida qayta tayyorlanishi;

2021-yil yakuniga qadar barcha umumiy oʻrta taʼlim maktablarini yuqori tezlikdagi Internetga ulash ishlarini toʻliq yakunlanishi;

2021-yil 1-oktyabrdan boshlab har yili yoshlarga moʻljallangan badiiy asarlar mualliflarini ragʻbatlantirish maqsadida “Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob” tanlovini tashkil etgan holda, tanlovda gʻolib deb topilgan mualliflarga birinchi oʻrin uchun - 100 million soʻm, ikkinchi oʻrin uchun - 75 million soʻm, uchinchi oʻrin uchun - 50 million soʻm mukofot mablagʻlari ajratilishi belgilandi.

Aholi salomatligini mustahkamlash boʻyicha

Aholi salomatligini mustahkamlash, sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni yana-da jadallashtirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta Farmoni, 5 ta qarori qabul qilindi.

Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish tadbirlarini samarali tashkil etish uchun 660 ming doza AstraZeneca va 6,5 mln doza ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi va 370 ming doza Rossiyaning "Sputnik-V” vaksinasi yetkazib kelindi hamda shu kunga qadar jami 5,3 mln doza vaksina bilan aholi emlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaviy holatlarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda boʻlish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgrisida»gi Farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan 2022-yil 1-yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori boʻlgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari va oʻrinbosarlari, ularning turmush oʻrtogʻi va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol- mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi belgilab qoʻyildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinib, u bilan 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarda ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish hamda tanlov doirasida oʻtkaziladigan sinov tadbirlarini Internet tarmogʻi orqali real vaqt rejimida kuzatish belgilandi.

Davlat organlarida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash boʻyicha

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, axborot olish erkinligini taʼminlash orqali jamoatchilik nazoratini takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha

Mazkur masalada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tuzildi, Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi sifatida qayta tashkil etildi va ularning asosiy vazifalari belgilab berildi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish boʻyicha

Olis aholi punktlarida, qishloq hududlarida aholining hayot tarzini yaxshilash, zarur infratuzilmani yaratishni nazarda tutuvchi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida» Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2021-yilda jami 7794 ta qishloq va mahallada 20,8 trln soʻmlik qurilish, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi parametrlar tasdiqlandi.

Davlat byudjetining shakllanishida fuqarolarning ishtirokini taʼminlash boʻyicha

Davlat byudjetining shakllanishi va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish loyihalarini ishlab chiqish jarayoniga aholini faol jalb etish hamda joylardagi dolzarb muammolarni hal etishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan 2021-yil may oyidan 14 ta tuman (shahar)da byudjet xarajatlarining 5 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirish, 2021-yil 1-iyuldan jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratiladigan tuman (shahar)lar byudjetlari qoʻshimcha mablagʻlarining eng kam miqdorini 10 foizdan 30 foizga oshirish, tuman hokimliklari jamoatchilik fikri asosidagi tadbirlarni byudjetdan moliyalashtirishga oid maʼlumotlarni har chorak boʻyicha rasmiy veb-saytlariga va “Ochiq byudjet” portaliga joylashtirish belgilandi.

Moliyaviy bozorlarni rivojlantirish boʻyicha

Vazirlar Mahkamasining «Nobank va boshqa moliyaviy tashkilotlar sharhini shakllantirish boʻyicha statistik hisobotlarni yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida» qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror qabul qilinishi xalqaro moliya institutlari va xorijiy investorlarni moliya sektori rivojlanishi holati boʻyicha toʻlaqonli statistik maʼlumotlar bilan taʼminlash orqali mamlakatning investitsion jozibadorligini oshirish, shuningdek, xalqaro reyting va indekslarda mamlakat oʻrnini yana-da yaxshilashga xizmat qiladi.

Mazkur sharhni shakllantirishning yoʻlga qoʻyilishi Markaziy bank tomonidan shakllantirib kelinayotgan pul-kredit sharhlari bilan birgalikda “Moliya sektori sharhi”ni yuritishning yoʻlga qoʻyilishini hamda respublika bank-moliya tizimi statistikasini xalqaro standartlar asosida yagona formatda toʻliq qamrab olinishini taʼminlaydi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?