Yoshlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratiladi

16:49 01 Iyul 2021 Jamiyat
295 0

Prezidentimiz Yoshlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida kadrlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va tarbiyalashga qaratilgan siyosatimizni qatʼiy davom ettiramiz, deb taʼkidladi.

Jumladan, yoshlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash borasida koʻpgina tadbirlarni aytib oʻtdilar.

Masalan joriy 2021-yildan boshlab, bunday iqtidorli yoshlar “El-yurt umidi” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan chet ellarda “stajirovka” oʻtaydi. Shuningdek, respublikamizda ishlayotgan, xalqaro nufuzli reytinglarda mingtalikka kirgan oliygohni tugatgan va chet elda ilmiy ish qilgan yosh mutaxassislarga qoʻshimcha haq toʻlanadi.

Eʼtirof etish joizki, “Yoshlar daftari” va “Yoshlar dasturlari” tadbirlari doirasida olib borilgan amaliy ishlar natijasida oʻtgan 8 oyi mobaynida “Yoshlar daftari”ga kirgan 430 ming nafar yigit-qizning muammolarini hal etish uchun 300 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Jumladan, “Temir daftar”dagi oilalar farzandlari boʻlgan 2 mingdan ziyod talabaning kontrakt puli toʻlab berilgan.

Shuningdek, bu yildan boshlab, ish beruvchilarga ularning 25 yoshdan oshmagan ishchi-xodimlari uchun hisoblangan ijtimoiy soliq summasini byudjetdan toʻliq qaytarib berish tartibi joriy qilindi. Natijada joriy yilning ikkinchi yarmida 170 milliard soʻm, kelgusi yilda esa 500 milliard soʻm mablagʻ 240 ming nafar yoshni ishga qabul qilgan tadbirkorlar ixtiyorida qoladi.

Ayniqsa, kasb-hunar maktabi va texnikumlar oʻquvchilariga korxonalarda amaliyot oʻtagan davri uchun 6 oy davomida 500 ming soʻmdan subsidiya berish joriy etilgani, yoshlar va ularning ota-onalar uchun katta ragʻbat boʻldi.

Bundan tashqari, yotoqxona bilan taʼminlanmagan 62 ming nafar talabaga oylik ijara toʻlovining 50 foizini byudjetdan qoplab berish boshlandi.

Prezidentimiz yoshlarni tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash borasidagi tadbirlarga ham alohida toʻxtalib, shu yilning oʻzida 92 mingdan ziyod oʻgʻil-qizlarning tadbirkorlik loyihalari uchun, 2 trillion 300 milliard soʻm imtiyozli kreditlar ajratilganini, hududlarda tashkil etilgan 186 ta “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari”dagi 3 mingta loyiha doirasida yoshlarimiz uchun 50 mingta yangi ish oʻrinlari yaratilganini maʼlum qildilar.

Maʼruzada taʼkidlandiki, bu yil mamlakatimizda maktablar, oʻrta maxsus va oliy taʼlim muassasalarini qariyb 560 ming nafar yoshlar tamomlab, mustaqil hayotga qadam qoʻyadi. Shu bois yoshlarning bandligini taʼminlash davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qoladi hamda bu borada har oʻquv yili yakuni bilan tuman, shahar, viloyat va respublika darajasida bitiruvchilar bandligini taʼminlashga oid dasturlar qabul qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Qishloqlarda yashayotgan 230 mingdan ortiq ishsiz yoshlarga dehqonchilik bilan shugʻullanish uchun joriy yilda 61 ming gektar yer maydonlari ajratildi. Shuningdek, gʻalladan boʻshagan yerlardan yana 75 ming gektari 170 ming nafar yoshlarga takroriy ekin ekish uchun berildi.

Joriy yilda boshlagan yer islohotimiz doirasida paxta va gʻalladan qisqaradigan maydonlarda oziq-ovqat ekinlari yetishtirish uchun yerlarni 10 yil muddatga ijaraga berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Shu tariqa viloyat va tuman hokimlari, sektor rahbarlari uchun yana 500 ming nafar yoshlarni doimiy ish bilan taʼminlash imkoniyati yaratiladi.

Yoshlarga beriladigan imtiyozli kreditlar va lizing asosida 50 mingdan ziyod yengil konstruksiyali zamonaviy avtoservis, maishiy xizmat, chakana savdo va umumiy ovqatlanish shoxobchalari barpo etiladi.

Yosh oilalarning ijtimoiy himoyasini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratiladi – deb taʼkidladilar davlatimiz rahbari.

Jumladan, ipoteka dasturi doirasida uy-joy sotib olish uchun yosh oilalarga qoʻshimcha 2 mingta kvota ajratiladi va ushbu maqsadlar uchun byudjetdan 60 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.

Muxtasar qilib aytganda, bu kabi ezgu ishlar Uchinchi Renessans bunyodkorlari boʻlgan yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.

Erkin GADOYEV,
Oliy Majlis Senati
Byudjet va iqtisodiy islohotlar
masalalari qoʻmitasi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?