Yoshlarga baland ruh berayotgan oʻzgarishlar

19:24 08 Noyabr 2021 Jamiyat
354 0

Bugun dunyoga oʻzini qayta namoyon qilayotgan Oʻzbekiston yangi tarixiy davrni boshidan kechirmoqda. Mamlakatda ortga qaytmas va toʻxtamas boʻlib start olgan islohotlar natijasi oʻlaroq milliy taraqqiyotimizning yangi qiyofasi boʻy koʻrsatmoqda. Qurilishi jadal surʼatlarda kechayotgan zamoniviy shahar va qishloqlar, innovatsion tipdagi texnoparklar, hududlarda infratuzilma va kommunikatsiya tarmoqlarini moderniyazatsiyalash ishlari yangilanayotgan Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarga zamonaviy ruh bagʻishlamoqda.

Bugun Prezidentimiz tomonidan yangi Oʻzbekistonni barpo etish gʻoyasi ilgari surilar ekan, kishilarda yangicha dunyoqarashni shakllantirishga alohida eʼtibor qaratayotgani bejiz emas. Zotan, konservativ fikrlashdan kreativ fikrlashga oʻtish bugungi zamonaviy taraqqiyotning asl mohiyatidir. Taassufki, oramizda kitob oʻqishdan koʻra ijtimoiy tarmoqlarda vaqtini behuda sarflayotgan yoshlarning koʻpayib ketayotganligi achinarli holdir. Ijtimoiy tarmoqlar, avvalo, odamlarni maftun qilish uchun, soʻngra ularning ongi va qalbini egallashga qaratilgandir. Toʻgʻri, virtual olamning ijobiy jihatlari ham yetarlicha topiladi. Lekin soxta aldovlarga ishonmaslik kerak. Shu bois internetdan foydalanish madaniyatini barcha-barchaga singdirish raqamli globallashuvning salbiy tahdidlardan himoya qiladi.

Umuman olganda, internet bu elektron resurslarning virtual olamdagi “Mega doʻkonidir”. Bu doʻkonda sifati yaxshi mahsulotlardan koʻra sifati buzilgan mahsulotlar talaygini. Afsuski, toʻgʻri yoʻldan adashib, boshi berk koʻchaga kirgan aksar odamlar puch vaʼdalar va yod gʻoyalar taʼsiridagi odamlardir. Shu bois destruktiv kuchlarni manipulyatsiyasiga yoʻl qoʻymaslik talab qilinadi.

Bu ham yetmaganidek, soʻnggi paytlarda xoh ijtimoiy tarmoqlarda, xoh ayrim odamlar orasida yurtimizdagi yangilanishlarni inkor qilib, turli koʻrinishdagi feyk xabarlarni tarqatib, negativ munosabatdagi kishilarning tez-tez uchrayotganligi hali qilinishi kerak boʻlgan ishlarning koʻpligini koʻrsatmoqda. Muayyan bir voqea real hayotda sodir boʻlishdan avval inson tafakkurida oʻz aksini topadi. Bu esa islohotlarni odamlar oʻzidan, yaʼni oʻzini oʻzi isloh qilish kerak degan maʼnoni bildiradi. Har bir insonning qalbida shukronalik hissi va daxldorlik tuygʻusini oshirish fuqarolik jamiyatning muhim shartidir.

Eskilik sarqitidan dalolat beruvchi ayrim fuqarolarning qarashlari oʻzgarmayotganligining ikkita sababi bor: birinchidan, joylardagi ayrim mutasaddilar faoliyatida kuzatilayotgan byurokratik omillar oddiy xalqning xafsalasini pir qilayotgan boʻlsa, ikkinchidan, ayrim odamlarning oʻzi oʻzgarishni yaʼni qolipdan chiqishni istashmayapti. Shu oʻrinda musulmon kishining ikki kuni bir-biriga oʻxshamaydi, aniqrogʻi chinakam musulmon insonning buguni kechagi kunidan, ertangi kuni bugunidan yaxshi boʻlishi kerak, degan hikmatni eslash oʻrinlidir.

Oxirgi besh yillikda bu soʻz erkinligini taʼminlashga katta ahamiyat qaratilmoqda. Ammo buni ham notoʻgʻri qabul qilayotganlar yetarlicha topiladi. Unutmaslik kerakki, soʻz erkinligi bu — oʻylamasdan gapirish yoki ogʻziga kelganini aytish, degani emas. Balki soʻz erkinligi bu — haqiqatni boricha aytish deganidir.

Kuni kecha yangi saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev lavozimga kirishish tantanali marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisida “Yosh avlodimizga — mening oʻgʻil-qizlarimga qarata aytmoqchiman: tomirlarida buyuk bobolarimizning gʻayrat-shijoati joʻsh urib turgan aziz farzandlarim, sizlar Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda doimo oldingi safda boʻlasizlar, deb ishonaman”, deya alohida taʼkidladi. Bu ishonch, biz, yoshlarga baland ruh, kuch-gʻayrat beradi.

Shkurki, oramizda zamon bilan hamnafas, ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalar bilan qurollangan yurtdoshlarimizning borligi sabab mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va boshqa sohalardagi koʻrsatkichlari yildan-yilga oʻsib bormoqda. Lekin bular bilan cheklanib yoki bir joyda qotib qolishga aslo haqqimiz yoʻq. Zero, yangilanayotgan Oʻzbekistondagi barcha oʻzgarishlar, biz uchun, xalqimiz uchun! Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, inson qadri uchun!

Asadbek ZAIROV,

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?