Yoshlar ishlari agentligi yoshlar uchun qay tartibda grant va subsidiya ajratmoqchi?

12:57 21 Yanvar 2021 Iqtisodiyot
1166 0

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Yoshlar ishlari agentligi faoliyatini tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlashga oid qarori loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

Loyihada keltirilishicha, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan grant va subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlanadi.

Agentligi quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha grantlar va subsidiyalar ajratadi:

yoshlarga oid dasturlar, loyihalar va ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirish, yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash;

mamlakatimizda beshta muhim tashabbusni keng joriy etish;

yoshlarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ular oʻrtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilik profilaktikasini amalga oshirish;

yoshlar salomatligini muhofaza qilish va ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish;

yoshlarning ijtimoiy zaif qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash;

yoshlar bandligini taʼminlashga koʻmaklashish va tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash;

yoshlar muammolarini oʻrganish va hal qilish;

yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa yoʻnalishlar.

Agentlik tomonidan grant ajratish tartibi quyidagicha:

Agentlik grant ajratish maqsadida ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, elektron ommaviy axborot vositalarida hamda Agentlikning internet tarmogʻidagi rasmiy veb-saytida tanlov oʻtkazilishi haqida tanlov oʻtkazilishidan kamida 30 kun oldin eʼlon joylashtiradi.

Tanlovda ishtirok etish uchun ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlar Agentlikka talabgor tashkilotlar tomonidan bevosita, pochta orqali yoki elektron koʻrinishda taqdim etilishi mumkin.

Talabgor tashkilotlar tomonidan tanlovga taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxati va shakli, taqdim etilgan hujjatlarni qabul qilish va Jamoatchilik kengashiga yoʻnaltirish tartibi Jamoatchilik kengashi tomonidan belgilanadi.

Tanlov gʻolibi Jamoatchilik kengashi tomonidan tanlovga taqdim etilgan loyihalarni koʻrib chiqish, umumlashtirish va ularni baholash natijalariga koʻra aniqlanadi.

Jamoatchilik kengashi qaroriga muvofiq grant ajratishga tavsiya etilgan loyihalar moliyalashtirish uchun Agentlikka yuboriladi.

Agentlik Jamoatchilik kengashining ijobiy qarori nusxasi kelib tushgan kundan eʼtiboran:

uch ish kunida grant oluvchilarning roʻyxatini Agentlikning rasmiy veb-saytida joylashtiradi;

oʻn besh ish kunida grant mablagʻini ajratish toʻgʻrisidagi ikki tomonlama shartnoma loyihasini tayyorlaydi;

shartnoma imzolangan paytdan boshlab bir oy muddatda dastlabki moliyalashtirishni amalga oshiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?