Yoshlar festivali surxondaryoliklarda unutilmas taassurot qoldirdi

20:19 20 Iyun 2022 Jamiyat
229 0

Foto: Xalq so‘zi

Termiz shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Surxondaryo viloyati hokimligi va bir qator hamkor tashkilotlar koʻmagida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” festivali tashkil qilindi.

Tadbir doirasida adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida oʻtgan “Yosh kitobxon” tanlovida 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlar ishtirok etdi. Unda shahar va tumanlardan bir nafardan, jami 15 nafar ishtirokchi test va savol-javoblar orqali oʻz bilimini sinovdan oʻtkazdi. Shuningdek, “Besh tashabbus spartakiadasi”, “Zakovat” intellektual oʻyini, “Janub zukkolari” telebellashuvi hamda “Kitoblar karvoni” kabi bir-biriga ulanib ketgan tadbirlarda yoshlardagi joʻshqinlik, koʻtarinkilik yaqqol namoyon boʻldi.

Baxshichilik sanʼatiga ixtisoslashtirilgan maktab-internetida oʻtkazilgan yosh baxshilar koʻrik-tanlovida “Eng yosh baxshi”, “Eng yaxshi doston ijrochisi”, “Eng yaxshi kuy ijrochisi”, “Eng yaxshi terma ijrochisi” nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar aniqlandi va munosib ragʻbatlantirildi.

Shu kuni uyushtirilgan mehnat yarmarkasi tufayli “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oilalar farzandlari, oʻnlab yigit-qizlar doimiy ish oʻrniga ega boʻldi.

Festival davomida doʻppi, doʻmbira va boshqa milliy qadriyatlarimizni targʻib qiluvchi koʻrgazmalar, teatrlashtirilgan tomoshalar, folklor-etnografik jamoalar repertuarlari, sport turlari boʻyicha mahorat saboqlari, koʻrgazmali chiqishlar hamda milliy taomlar tanlovi ishirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi.

Termiz shahridagi muhtasham sanʼat saroyida Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov yoshlar bilan uchrashdi. Ochiq va samimiy ruhda oʻtgan muloqot chogʻida yigit-qizlar ilm-fan, sanʼat va adabiyot sohalarida erishayotgan yutuqlari haqida soʻzlab berishdi.

Uchrashuvda kam taʼminlangan, qiyin sharoitda yashayotgan oilalar farzandlari boʻlgan, shuningdek, eng bilimli, izlanuvchan talaba-yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ularning bir guruhiga kontrakt pulini toʻlab berish imtiyozini beruvchi maxsus sertifikatlar topshirildi.

— Festival tadbirlari qamrov va koʻlami jihatidan viloyat yoshlarining katta qismini oʻz atrofida birlashtira oldi, —  deydi Yoshlar ishlari agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshligʻi Jamshid Choriyev. — Har qanday jamiyat ravnaqi va taraqqiyotini taʼminlashda yoshlar hal qiluvchi ahamiyatga ega. “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida oʻtkazilgan tadbirlar biz birlashsak, katta kuch, ulkan imkoniyatlarga ega boʻlishimizni amalda koʻrsatdi.

Festival taniqli estrada xonandalar ishtirokidagi gala konsert bilan yakunlandi.

Ilhom Rahmatov,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер