Yoshlar festivali buyuk bobolarimiz haykallari poyiga gul qoʻyishdan boshlandi

19:55 11 Iyun 2021 Jamiyat
440 0

Samarqand viloyatida “Yangi Oʻzbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostidagi yoshlar festivali boshlandi.

Erta tongdan Samarqand shahridagi Amir Temur haykali poyiga viloyat DXX, IIB, Milliy gvardiya, prokuratura, bojxona, FVB xodimlari, harbiy xizmatchilar, faol talaba yoshlar hamda harbiy orkestr, faxriy qorovul ishtirokida gullar qoʻyildi. 

Bir vaqtning oʻzida matematik, fizik va astronomlar Mirzo Ulugʻbek haykali, shoiru yozuvchilar, tilshunos va adabiyotshunoslar Alisher Navoiy haykali poyiga gul qoʻyish marosimlarida ishtirok etdilar.

Alisher Navoiy nomidagi Markaziy madaniyat va istirohat bogʻida yoshlar festivali munosabati bilan adabiy-badiiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda yoshlar ham faol ishtirok etdi. Samarqand Davlat universiteti talabalari oʻzlarining adabiy-badiiy kompozitsiyasi bilan chiqish qildi. Vatan haqidagi sheʼrlardan namunalar, qoʻshiqlar ijro etishdi.

Yoshlar festivali bayramona yurish marafoni bilan davom etdi. 20 mingga yaqin yigit-qizlar Registon maydonidan Universitet xiyoboni boʻylab Amir Temur haykali yonigacha harakatlandi. Shundan keyin universitet xiyoboni markazida festivalning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Yoshlar festivali doirasida velomarafon ham tashkil etildi. Registon maydonidan boshlangan velosipedchilar musobaqasida yoshlar Shohi Zinda majmuasi, Ulugʻbek rasadxonasi va Abu Ali Ibn Sino koʻchasi boʻylab harakatlanib, yana Registon maydonida toʻplanishdi.

2 ming nafarga yaqin yigit-qizlar orasidan 10 kilometr masofani bosib oʻtib, marraga birinchilardan boʻlib kelgan 6 nafar ishtirokchiga diplom va velosiped topshirildi.

Festival kun tartibidan Futbol musobaqalari, “Quvnoqlar va zukkolar” koʻrik-tanlovi, “Oʻzbek milliy raqslari”, “Sharq xalqlari raqslari ”, “Balet raqslari” koʻrik-tanlovlari kabi oʻnlab tadbirlar joy olgan.

Eslatib oʻtamiz, mazkur festival 11-13-iyun kunlari viloyat boʻylab davom etishi rejalashtirilgan.

Abdulaziz Yoʻldoshev

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?