Yoshlar bandligi uchun ajratilgan yer maydonidan kim foydalanmoqda?

18:20 13 Oktyabr 2021 Jamiyat
206 0

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ga Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanida yashovchi fuqaro N.N. tomonidan yoshlar bandligini taʼminlash maqsadida ajratilgan yer maydoniga ekilgan gʻalla hosili va undan chiqadigan somon berilmaganligi hamda takroriy ekin uchun yer maydoni ajratilmaganligi haqida murojaat kelib tushdi.

Murojaatning oʻrganilishi natijasida haqiqatan ham ushbu fuqaroga Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 2-fevraldagi tegishli yigʻilish bayoniga binoan, qishloq xoʻjaligida yoshlar bandligini taʼminlash, ularni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, qishloq joylarda yangi ish oʻrinlarini yaratish maqsadida murojaatchiga ikkilamchi ijara shartnomasi asosida Qorakoʻl tumanidagi “Navroʻz Botir” fermer xoʻjaligining gʻalla ekilgan maydonidan oʻn sotix yer maydoni ajratilgan.

Mazkur yer maydonidagi gʻalla parvarishi bilan bogʻliq barcha agrotexnika tadbirlari “Navroʻz Botir” fermer xoʻjaligi tomonidan amalga oshirilganligi sababli, yetishtirilgan gʻalla hosili fermer xoʻjaligi tomonidan yigʻishtirib olingan. Lekin murojaatchining ulushi ajratib berilmagan.

Fuqaro N.N oʻz arizasida “...hosilni ololmagach, yerga takroriy ekin ekmoqchi boʻlganimda, menga tegishli maydonga “Navroʻz Botir” fermer xoʻjaligi tomonidan allaqachon ekinlar ekilgani bois, menga boshqa yer ajratilishi aytildi. Lekin avgust oyiga qadar yer ajratilgani yoʻq” — deb yozgan.

Murojaat Ombudsman nazoratiga olingach, Vakilning prokuratura organlariga qilgan murojaatiga asosan, fuqaro H.N.ga oʻn sotix yer maydonidagi gʻalla hosilidagi ulushi undirib berildi. Shuningdek, murojaatchiga avvalgi ajratib berilgan yer maydoni takroriy ekinlar ekilgan holda qaytarildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?