Yoshga doir pensiyani muddatidan oldin tayinlash tartibi qanday?

10:18 12 Aprel 2021 Jamiyat
193 0

Muddatidan oldin yoshga doir pensiya texnologiya, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi oʻzgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining oʻzgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqarganligi yoxud korxonaning tugatilganligi munosabati bilan ishdan ozod etilgan, pensiya yoshi arafasida va umumiy asoslarda yoshga doir pensiya tayinlash uchun talab qilinadigan ish stajiga ega boʻlgan hamda tuman (shahar) bandlikka koʻmaklashish markazlarida belgilangan tartibda “ishsiz” deb eʼtirof etilgan shaxslarga tayinlanadi.

Shunga muvofiq, xodim ishdan boʻshatilgandan keyin (mehnat shartnomasi bekor qilingandan keyin) 10 kun muddat ichida, joylardagi bandlikka koʻmaklashish markazlariga ish qidiruvchi shaxs sifatida murojaat qilsa, 3 oy ichida, agar u 10 kalendar kundan keyin murojaat qilsa, oʻn kun ichida bu xodimga maqul keladigan ish topib berilmasa, bunday holda u ishsiz maqomiga ega boʻladi. Bunday holda erkak xodim 58 yoshga, ayol xodim 53 yoshga toʻlgan boʻlsa, bu holda ular muddatidan oldin yoshga doir pensiyaga taqdim etilishi mumkin.

Misol: Fuqaro 58 yoshda 39 yillik ish stajiga ega. Oxirgi mehnat faoliyatida yaʼni 2004-2020-yillar kasb-hunar kollejida oʻqituvchi lavozimida ishlab kelgan. 2020-yilda fuqaro ishlab kelgan kasb-hunar kolleji yopilgan va fuqaroning mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 100-moddasiga asosan bekor qilingan. Shundan soʻng, fuqaro yashab turgan joyidagi bandlikka koʻmaklashish markaziga murojaat qilgan. Bandlikka koʻmaklashish markazi tomonidan fuqaroning mutaxassisligi boʻyicha ish topilmaganligi uchun belgilangan tartibda markaz tomonidan 2021-yil 20-fevraldan “ishsiz”lik maqomi (taqdimnoma) berilgan. Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga berilgan taqdimnomaga asosan “ishsiz”lik maqomi berilgan kundan boshlab muddatidan oldin yoshga doir pensiya tayinlangan.

Agarda “ishsiz”lik maqomi berilib, muddatidan oldin yoshga doir pensiya tayinlangan fuqaro ishga kirsa, (erkaklar 60 yoshgacha, ayollar 55 yoshgacha) tayinlangan pensiya toʻxtatiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?