“Yosh vatanparvarlar yigʻini” loyihasining ikkinchi mavsumi boshlandi

16:30 15 Fevral 2022 Jamiyat
604 0

Jizzax viloyati harbiy-maʼmuriy sektori hamda Markaziy harbiy okrug qoʻmondonligi tashabbusi bilan Jizzax viloyatidagi harbiy qismda “Yosh vatanparvarlar yigʻini” loyihasining ikkinchi mavsumi boshlandi.

Unda 18-30 yosh atrofidagi 100 nafar yoshlar 10 kun muddatda jangovar, sport oʻyinlari, maʼnaviy-maʼrifiy tayyorgarlik hamda kasbga yoʻnaltirish boʻyicha mashgʻulotlarga jalb qilinadi.

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi hamda Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan “Yoshlar daftari”ga kiritilgan Jizzax viloyatida muqim ish joyiga ega boʻlmagan yoshlar hamda ichki ishlar nazoratida boʻlgan yoshlar roʻyxati shakllantirildi va ulardan yuz nafari “Yosh vatanparvarlik yigʻini”ning ikkinchi mavsumi ishtirokchisiga aylandi.

Bu yerda yoshlar bilan ularni kasbga yoʻnaltirish boʻyicha yetakchi mutaxassislar tomonidan turli mavzudagi treninglar oʻtkaziladi.

Jizzax viloyatidagi 12 ta tuman va Jizzax shahridan harbiylikka qiziqishi yuqori va asosiysi, oʻz istagiga koʻra kelgan yoshlarga harbiy liboslar berildi. Ular avval tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Soʻngra guruhlarga boʻlib, yotoqxonalarga joylashtirildi. Askarlar oshxonasida ovqatlanishi uchun oziq-ovqat taʼminoti yoʻlga qoʻyildi.

“Yosh vatanparvarlar yigʻini”ning ochilish tantanasida Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev yoshlarni tarbiyalashda yangicha tizim joriy etilgani va ayni damda amalda ekanligini taʼkidlab, birinchi mavsumdagi yoshlarning bugungi kunda erishayotgan yutuqlari xususida toʻxtaldi va bu mavsumdagi yoshlar uchun yanada koʻproq imkoniyatlar va sharoitlar yaratilgani haqida soʻzlab yoshlarni ruhlantirdi.

Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Oybek Saidov yigʻin davomida jismoniy va axloqiy-ruhiy jihatdan yaxshi va aʼlo koʻrsatkichlar qayd etgan yoshlar okrug qoʻshinlarida kontrakt asosida xizmat qilishlari mumkinligi va buning uchun mart-aprel oylarida bir oylik xizmatga, may oyidan esa shartnoma asosidagi harbiy xizmatga qabul qilinishi haqida gapirib, milliy armiyamiz saflarida xizmat qilish istagi boʻlgan yoshlarga imkon borligini maʼlum qildi.

Tadbirda viloyat madaniyat boshqarmasining isteʼdodli sanʼatkorlari hamda folklor jamoalarining konsert dasturi ishtirokchilarga ilk kunidayoq koʻtarinki kayfiyat ulashdi.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning 13-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaani boshqarish milliy markazida oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yigʻilishida davlatimiz rahbari yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda armiya bilan birgalikda harbiy-maʼmuriy sektorlar ham oldingi qatorlarda boʻlishi va ushbu yosh vatanparvarlar yigʻinini izchil davom ettirish zarurligini taʼkidlagandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер