Yosh tadqiqotchi yaratgan elektron dastur “Tez yordam” tezligini yanada oshirishi mumkin

12:19 03 Oktyabr 2022 Jamiyat
399 0

Foto: SSV matbuot xizmati

Yosh tadqiqotchi Sarvarjon Yoʻlchiyevning “Elektron tez tibbiy yordam” loyihasi 15-16-sentyabr kunlari Nurafshon shahrida oʻtkazilgan “InnoWeek.Uz-2022» hududiy innovatsion gʻoyalar koʻrgazmasi doirasidagi tanlovda gʻolib boʻldi.

Ishlanmaning afzalligi shundaki, har bir aholi xonadoni “Google maps” elektron tizimi orqali maxsus dasturga kiritiladi. Natijada tibbiyot xodimlariga bemorlar turarjoylari aniq koʻrinib turadi. Har bir tuman, mahalla, uy, hatto koʻp qavatli xonadonlar manzili dasturda aniq aks etadi.

— Olis va chekka qishloqlardan ham “Tez yordam” xizmatiga chaqiriqlar boʻladi, — deydi S.Yoʻlchiyev “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida eʼlon qilingan materialda. — Biroq bunday hududlarning ayrimlarida yoʻl koʻrsatkichlari, joy nomlari, xonadonlar raqamlari yozilmagani yoki almashgani oqibatda “Tez yordam” belgilangan manzilga oʻz vaqtida yetib borolmaydi. Natijada bemorga tibbiy yordam koʻrsatishda kechikish holatlari kuzatiladi.

Agar ogʻir ahvoldagi bemor uyda yolgʻiz boʻlsachi? Manzildan adashib qolgan “103” brigadasini kim koʻchaga chiqib kutib oladi?

Bu tizim ana shunday holatlar, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olishga, yaʼni “Tez yordam” xodimlarining bemor uy manziliga adashmasdan, kechikmay, oʻz vaqtida yetib borishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, ushbu platforma haydovchilarning necha daqiqada manzilga yetib olishi, eng qulay yoʻnalish chizmasini ham onlayn rejimda koʻrsatib turadi. Qolaversa, dasturda hudud boʻyicha aholi qaysi kasallikka koʻp chalinayotgani bilan bogʻliq statistika ham yuritiladi.

Ayni paytda ushbu elektron loyiha Ohangaron shahar tibbiyot birlashmasida joriy qilingan boʻlib, test rejimida ishlayapti. U sinovdan muvaffaqiyatli oʻtsa, boshqa hududlarda ham amaliyotga tatbiq etilishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?