Yoriq mahallasidagi yorugʻ kunlar

18:01 15 May 2025 Jamiyat
204 0

Otabek ISROILOV/“Xalq soʻzi”. “Xalq soʻzi” gazetasining 2025-yil 28-fevraldagi 42-sonida “Mahalla idorasi qayerda?” sarlavhasi ostida maqola eʼlon qilingandi. Bu oliyhimmat tadbirkorlar nazariga tushib, oʻz mahallalari idoralari bilan tanishishga imkoniyat yaratdi. Oʻrta Chirchiq tumanidagi Yoriq mahallasida ezgu ishlar boshlanib, idora binosi yangi qiyofa kasb etdi. Mahallada joylashgan 518 ta xonadondagi 627 ta oilada 2276 kishi istiqomat qiladi. Demakki, asosan, qishloq xoʻjaligi bilan shugʻullanib, tomorqalarini yashnatib qoʻygan aholiga xizmat koʻrsatish uchun “mahalla yettiligi”ga qulay sharoit zarur.

Mahalla idorasiga kirishdan avval yoriqlik “yettilik” faoliyatiga qisman toʻxtalsak. Axir, qulay sharoit boʻlmasa-da, rejadagidek ishlash hammaning ham qoʻlidan kelavermaydi. Oʻtgan vaqtda mahalladagi ehtiyojmand oilalar vakillari va ishsiz yoshlarning 103 nafariga 30-50 sotixdan yer 30-yil muddatga foydalanish uchun berildi. Pirovardida, aholi bandligi hamda doimiy daromadi taʼminlandi. Ular bugungi kunda dalalarda fasol, joʻxori, kartoshka kabi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan mashgʻul.

Yaqinda fuqarolar yigʻini raisligiga saylovda yoriqliklar koʻp yillik tajribaga ega boʻlgan xalq taʼlimi faxriysi Rustam Hoshimovning nomzodini yana bir ovozdan qoʻllab-quvvatladi. “Mahalla yettiligi” faoliyat koʻrsatayotgan bino kolxozning sobiq idorasi edi. U 1983-yilda qurilgan. Oradan oʻtgan 20-30-yil davomida qarovsiz yotgan bino mahalla idorasi tasarrufiga oʻtkazilgach, bu yer taʼmirlandi, rang berildi. Biroq yillar yetkazgan ohorni qayta tiklash uchun yetarlicha mablagʻ va hafsala kerak edi.

Oliyhimmat tadbirkor Abdurashid Razzoqov homiyligida mahalla idorasi binosining oltita xonasi, ikkita katta dahlizi qayta taʼmirlandi. Jumladan, binoning tom qismi uchun 300 dona shifer yordamida yogʻin-sochin kunlardagi masala hal etildi. Zamonaviy eshik va romlar olinib, “mahalla yettiligi” jamoasining har biri uchun alohida xonalar zamonaviy jihozlar bilan toʻliq taʼminlandi.

— Ikki qavatli shunday katta binoni taʼmirlab bergan tadbirkorning bu xayrli ishi boshqalarga oʻrnak va namuna. Shinam, zamonaviy va yorugʻ xonalar yoriqlik hayotini yanada yaxshilash yoʻlidagi xizmatimizda ham yorugʻliklarni yetaklab kelsa, shunga imkon bersa, neajab! Buning uchun mahalladoshimiz Abdurashid Razzoqovdan minnatdormiz! Ishiga rivoj tilaymiz, — deydi Yoriq mahallasi raisi Rustam Hoshimov.

Oqsoqolning soʻzlarini mahalladagi yoshlar yetakchisi Oybek Ochilov davom ettirgan holda saxovatli tadbirkorlar nomlari bir-bir eslab oʻtdi.

— Mahallamizda Nuriddin Ismatillayev, Nuriddin Bozorov, Jamoliddin Ismatillayev, Dilmurod Neʼmatillayev, Jasur Mirzaaliyev singari tadbirkorlar homiyligida koʻplab xayrli ishlar amalga oshirilib kelinadi, — dedi Oybek Ochilov.

Yoriq mahallasidagi yorugʻ kunlar ancha avval boshlangandi. Endilikda ezgulikning bu nurlaridan mahalla idorasi ham munavvar boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?