Yoniq soʻzi barhayot shoira

18:32 19 May 2022 Jamiyat
437 0

Foto: Халқ сўзи

Shoirlar borki, ular hayot boʻlmasada, ongu shuurimizda chuqur iz qoldirgan tirik satrlari bilan oramizda yurgandek, yonimizda turgandek goʻyo. Shu maʼnoda Oʻzbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva oʻzining yoniq soʻzi, oʻtli satrlari bilan hamisha xalq bilan birga, yurtimizning ardoqli farzandi sifatida doimo eʼzozdadir. Bu yuksak hurmat, izzat-ehtirom atoqli ijodkorimiz tavalludining 75 yilligiga bagʻishlangan adabiy-badiiy tadbirlarda ham oʻz ifodasini topmoqda.

Halima Xudoyberdiyeva Boyovut tumanidagi Taraqqiyot qishlogʻida tugʻilgan va voyaga yetgan. Bundan bir necha kun avval uning tavallud sanasi ushbu manzilda ham keng nishonlandi.

Sana munosabati bilan Guliston shahrida oʻtkazilgan tadbirlar esa Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabidan boshlandi. Mehmonlar uning sheʼrlari asosida yaratilgan oʻlmas taronalar ostida kutib olindi. Halima Xudoyberdiyeva haykali poyiga gullar qoʻyilib, xotirasi eʼzozlandi.

Maktabdagi shoiraning hayoti, ijodi va mehnat faoliyatini aks ettiruvchi muzeyda eʼtiborni tortuvchi qimmatli eksponatlar bor. Masalan, ulardan biri “Muqaddas ayol” sheʼri uchun berilgan «Aziz va muqaddassan, Ayol ” mukofotining statuetkasi. Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida oʻtkazilgan adabiy-badiiy tadbirda ushbu sheʼr asosida yaratilgan qoʻshiq ijrosida zaldagi barcha tomoshabin joʻr boʻlganidan ham ayonki, Halima Xudoyberdiyeva qoldirgan adabiy meros xalqimizning sevimli soʻziga aylangan.

— Atayin ushbu tadbirlarda ishtirok etish uchun keldim, — deydi tojikistonlik jurnalist Mirzaolim Qarshiyev. — Halima Xudoyberdiyevaning ijodi Tojikistonda ham sevib oʻqiladi. Mushoiralarimiz uning sheʼrlarisiz oʻtmaydi.

Binobarin, tadbir mehmonlari tarkibida poytaxtlik mehmonlar bilan birga boshqa viloyatlardan kelgan ijodkorlar, Halima Xudoyberdiyeva sheʼriyati ixlosmandlari ham koʻp boʻldi. Navoiy viloyatidagi “Yosh ijodkorlar” toʻgaragi bir guruh aʼzolarining Sirdaryo viloyati markazi va ijod maktabiga sayohati ayni tadbir vaqtiga toʻgʻri kelgani ham shunchaki emas.

— Mazkur tadbirdagi ishtirokimiz shogirdlarimizga Halima Xudoyberdiyeva hayoti va ijodini yanada chuqur oʻrganish uchun juda yaxshi imkoniyat boʻldi, — deydi navoiylik ijodkor Shoyim Shernazar. — Ayniqsa, oʻquvchilarimiz xalq shoirimiz nomidagi maktab muzeyidan oʻzlariga koʻplab maʼlumotlar oldilar.

Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida oʻtkazilgan adabiy-badiiy tadbirda ijodkorlar, shoiraning yaqinlari, jamoatchilik vakillari soʻzga chiqdi. Taniqli sanʼatkorlar tomonidan Halima Xudoyberdiyeva sheʼrlariga bastalangan qoʻshiqlar ijro etildi hamda sahna koʻrinishlari namoyish qilindi.

Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev ishtirok etdi.

Ahmadali SHERNAZAROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер