“Yashil chiroq” musobaqasi oʻquvchilar bilimini yanada mustahkamladi

08:19 04 Mart 2023 Jamiyat
975 0

Uydan yoʻlga chiqdikmi, demak, biz yoʻl harakati ishtirokchisiga aylanamiz. Mamlakatimizda soʻnggi yillarda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash tizimini takomillashtirish sohasida keng qamrovli tashkiliy-amaliy ishlar amalga oshirildi.

Ammo, koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, oʻlimga olib kelgan yoʻl-transport hodisalarining soni hali ham yuqori boʻlib, avtomobil yoʻllarida xavfsizlikni taʼminlash tizimini tubdan isloh qilish zarurligini koʻrsatmoqda.

Jumladan, yoʻl infratuzilmasini harakat xavfsizligini taʼminlashning zamonaviy talablariga toʻliq muvofiqlashtirish, ushbu sohadagi qoidabuzarliklarning barvaqt profilaktikasiga yoʻnaltirilgan samarali tizimni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, inson omilini istisno qiluvchi raqamli texnologiyalarni keng joriy etish talab etilmoqda. 

Yana bir muhim jihat, yoʻl harakati qoidalarini, avvalo, umumtaʼlim maktablarida oʻquvchilarga keng tushuntirib borish juda muhim, deb hisoblayman. Boisi yoshlarda bolaligidan yoʻl harakati qoidalariga hurmat, ularga amal qilish koʻnikmasi shakllansa, kelgusida sodir etilishi mumkin boʻlgan turli yoʻl transport hodisalarining oldi olinadi.

Shu maʼnoda, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-apreldagi 212-son qarori ijrosini taʼminlash hamda taʼlim muassasalarida yoʻl harakati qoidalari targʻibotini kuchaytirish maqsadida tashkil etilayotgan “Yashil chiroq” musobaqasi bizning maktabimizda ham uyushqoqlik bilan boʻlib oʻtdi.

Ushbu tanlovda ishtirokchilar “Piyodalar harakati”, “Harakat nazorati”, “YTH jabrlanuvchisiga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish”, “Yosh velosipedchi”, “YHQ boʻyicha nazariy imtihon”, “YHQ tashviqoti” va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha bellashishdi.

Tadbirga Sergeli tumani “Qumariq” MFY profilaktika inspektorlari N.Axunov hamda J.Qurbonov tashrif buyurib, oʻquvchilarga yoʻl harakati qoidalarini batafsil tushuntirdi va musobaqa qatnashchilarining ishtirokini baholab borishdi.

Gʻolib jamoalar maktab maʼmuriyati tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanib, musobaqaning tuman bosqichida ishtirok etish uchun yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.

Shuningdek, maktabimizda koʻngilli yoshlar ishtirokida yoʻl harakati qoidalarini faol targʻib qiluvchi “Yoʻl harakati qoidalari yosh targʻibotchisi” klubi ham tashkil etildi. Mazkur klubga 9-11-sinf oʻquvchilari qamrab olindi.

Intizor QURBONOVA,

Sergeli tumanidagi 269-sonli maktab direktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?