“Yashil bozor” dala doʻkonlari tashkil etiladi

15:10 23 Iyun 2020 Jamiyat
936 0

Davlatimiz rahbarining joriy yil 29-may kungi Sergeli tumaniga tashrifi davomida, Bosh prokuratura huzuridagi Departament, Toshkent shahar hokimligi va prokuraturasi bilan hamkorlikda aholini maqbul narxlarda oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash maqsadida, poytaxtda “Yashil bozor” dala doʻkonlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish topshirilgan.

“Yashil bozor” dala doʻkonlari orqali mahsulotlarni aholiga arzon narxlarda yetkazib berish tizimini yoʻlga qoʻyish borasida berilgan topshiriq ijrosini taʼminlash maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Departament boshligʻi D.Raximov Samarqand, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida boʻlib, koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Shuningdek, ushbu viloyatlar hokimi va prokurorlari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda, dala doʻkonlarni tashkil etish, mazkur tajribani viloyat markazlarida ham joriy etish, fermerlarga koʻmaklashish hamda mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Bulungʻur tumanidagi “Muslima Sherali Saodat” fermer xoʻjaligining faoliyati bilan tanishildi. Mazkur fermer xoʻjaligining yer maydoni 24,4 gektarni tashkil etib, xoʻjalik shu yilda dastlabki ekindan 285 tonna kartoshka, 90 tonna piyoz hamda 84 tonna gʻalla olish imkoni mavjudligi, takroriy ekinda esa poliz mahsulotlari yetishtirish rejalanganligi aniqlandi.
 

Tumandagi “Yangiariq issiqxonasi” fermer xoʻjaligi esa 1 yilda oʻrtacha 60 tonna pomidor, 10 tonna bodring va 30 tonna bulgʻor qalampiri yetishtirish imkoni mavjudligi koʻrsatildi.

Fermer D.Karimov Toshkent shahridan “Yashil bozor” dala doʻkonini yuritish istagini bildirdi.

«Samarqand Garden Plast» MCHJga borilganda, jamiyat rahbari J.Ergashev bilan suhbatlashildi hamda jamiyatning meva mahsulotlarini qayta ishlash faoliyati bilan tanishildi.

«Samarqand Garden Plast» meva-sabzavot klasteri 2 600 gektar yerda mavsum davomida 5 000 tonna mahsulotni qayta ishlash quvvatiga ega boʻlib, qoʻshimcha ravishda40 ta fermer xoʻjalikning 200 gektar yer maydonidagi sabzavot ham qayta ishlanadi.

Shuningdek, bu yerda koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari rahbarlari bilan oʻtkazilgan suhbatda kartoshka va boshqa meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirishdagi muammolar, ularning yechimlari va ushbu mahsulotlarni “Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida toʻgʻridan-toʻgʻri isteʼmolchilarga hamyonbop narxlarda yetkazish borasida fikr almashildi hamda ularga respublikaning barcha hududlaridagi dehqon bozorlarida hech qanday toʻsiqlarsiz qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini erkin sotishiga kafolat berilishi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, Jomboy tumanida mahsulotlarini “Yashil bozor” dala doʻkonlariga tashish bilan bogʻliq transport-logistika masalalarini oʻrganildi, koʻp tarmoqli «Maroqand Meva-sabzavot» MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishildi, yirik hajmli muzlatkichda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash, ularni tashish va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Qarshi tumanidagi “Baxt” fermer xoʻjaligi dala shiyponida viloyat hokimiligi va prokuraturasi masʼullari hamda boshqa mutasaddi idoralar rahbarlari bilan birgalikda Qarshi, Kasbi va Nishon tumanidagi 40 dan ortiq fermer xoʻjaliklari va agrofirmalar rahbarlari ishtirokida uchrashuv oʻtkazildi.

«Beshkent-Saxovat» agrofirmasi rahbari bilan boʻlgani suhbatda P.Xaqberdiyev, Toshkent shahrida “Yashil bozor” dala doʻkonini yuritish istagini bildirib, oʻz xoʻjaligida yetishtirilgan meva-sabzavot va poliz ekinlarini aholiga maqbul narxlarda yetkazish imkoniyati mavjudligini dala boshida koʻrsatdi.

Soʻng, “Raximov Sherzod Oʻktamovich” MCHJga borilib, u yerda jamiyat rahbari Sh.Raximov bilan suhbatlashildi hamda xoʻjalikning baliqchilik faoliyati bilan tanishildi. Mazkur jamiyatning 3,6 gektar maydondagi suv havzalarida va yopiq suv taʼminoti tizimida intensiv usulda hozirda 30 000 dan ortiq baliqlar boqilmoqda.

Bundan tashqari Navoiy viloyatidagi 11 ta koʻp tarmoqli fermer xoʻjaliklari faoliyati joyiga chiqqan holda yaqindan oʻrganildi.

Jumladan, “Yangi asr” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligining “Yashil bozor” dala doʻkonini goʻsht va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlash imkoniyatlari oʻrganilib,istiqboldagi rejalari bilan tanishildi. Fermer yaratilayotgan imkoniyatlarni mamnuniyat bilan qabul qilib, dala doʻkoni yuritish istagini bildirdi.
 

Departament boshligʻi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi fermerlarga “Daladan-dasturxongacha” tamoyili asosida tashkil etilayotgan “Yashil bozor” dala doʻkonlari haqida batafsil maʼlumotlar berdi. Uchrashuvlarda fermer xoʻjaliklarining mavjud muammolari eshitilib, ularni joyida bartaraf etish choralarini koʻrildi.

Xulosa oʻrnida shuni alohida taʼkidlash lozimki, fermer xoʻjaliklariga Departament va boshqa mutasaddi idoralar tomonidan amaliy yordamlar koʻrsatilib, ularning yetishtirgan mahsulotlarini “yashil” yoʻlaklar orqali toʻgʻridan-toʻgʻri, hech qanday toʻsiqlarsiz va oʻrtakashlarsiz “Daladan-dasturxongacha” tamoyili asosida isteʼmolchilarga yetkazib berilsa, bundan nafaqat fermer manfaat koʻradi, balki aholimiz ham hamyonbop narxlardagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanadi.

Departament rahbariyatining viloyatlardagi fermerlar bilan uchrashuvlari davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?