Yaratilgan qulay infratuzilma sharofati

17:19 07 Fevral 2024 Jamiyat
156 0

Keyingi yillarda Namangan viloyatida ishga tushirilgan ikkita erkin iqtisodiy zonada koʻplab tadbirkorlik subyektlari tomonidan istiqbolli loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Chust va Toʻraqoʻrgʻon tumanlari hududida joylashgan “Namangan erkin iqtisodiy zonasi”da oʻtgan qisqa vaqt ichida 79 million AQSH dollar qiymatidagi toʻrtta yirik loyiha asosida eksportbop mahsulotlar tayyorlanmoqda. Ulardan biri — “TAI chang special steel” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxonada yiliga 120 ming tonna miqdorida metallprokat va panjaralar tayyorlash imkoniyati yaratilgan. Korxonada 800 dan ziyod ishchi mehnat qilayapti. Yaqinda mazkur erkin iqtisodiy zona maydoni 70 gektarga kengayib, 551 gektarga yetdi.

— Bultur hududimizdagi tadbirkorlik subyektlari tomonidan 833,5 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 36,7 million dollar hajmida eksport amalga oshirilgan edi, — deydi “Namangan EIZ” yurist konsultanti Bahromjon Ibrohimov. — Ayni paytda yana 16 ta loyiha ijrosi ustida mehnat qilinyapti. Yiliga 21600 tonna ip-kalava tayyorlashga ixtisoslashtirilgan “Iftihor kiyim sanoat” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻz loyihasining birinchi navbatini yaqin vaqt ichida ishga tushirish harakatida.

Kuni kecha erkin iqtisodiy zonada yana bir loyiha tashabbuskori — “Ibrat TST GROUP“ MCHJning ishlab chiqarish binolari qurilishi boshlandi. Loyihaning umumiy qiymati 42 mln. AQSH dollariga teng. Asosan ip-kalava hamda import oʻrnini bosuvchi tayyor tekstil va trikotaj mahsulotlari tayyorlashga ixtisoslashgan mazkur korxonada 800 ta yangi ish oʻrni ochilishi koʻzda tutilgan.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер