Yaponiya tadbirkorlari Fargʻonada yangi shaharcha, korxona va restoran qurishni rejalashtirmoqda

13:38 29 Sentyabr 2022 Jamiyat
385 0

Foto: Xalq so‘zi

Fargʻona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov viloyatga tashrif buyurgan yaponiyalik tadbirkorlar delegatsiyasini qabul qildi.

Uchrashuvda “Mikado develop and investment” kompaniyasi tomonidan Fargʻona viloyati markazida qad rostlayotgan Ekoshahar hududida mehmonxona-rezidensiya, savdo-turizm markazi va Yapon bogʻidan iborat Mikado Siti majmuasi qurilishi loyihasini amalga oshirish boʻyicha oʻzaro fikr almashildi.

Kompaniya rahbari Okuda Takefumi ushbu majmuasi qurilishi uchun yer maydoni auksion orqali rasmiylashtirish yakunlanib, hozirda arxitektura-rejalashtirish topshirigʻi ishlab chiqilayotganini maʼlum qildi. Rejaga koʻra, yaqin kunlarda qurilish ishlariga tamal toshi qoʻyilishi orqali loyihani amalga oshirishga kirishiladi.

Uchrashuvda Mikado Siti majmuasi qurilishi loyihasini belgilangan muddatda amalga oshirilishini taʼminlash uchun ikki tomonlama yoʻl xaritasi ishlab chiqishga kelishib olindi.

Majmua yapon meʼmorchiligiga asosangan 4 qavatli muhtasham mehmonxona, 60 blokdan iborat har birining maydoni 50 metr kvadrat boʻlgan savdo doʻkonlari hamda yapon bogʻi, basseyn, sauna, spa-saloni, konferensiyalar zalidan iborat boʻladi.

Shuningdek, uchrashuvda ishtirok etgan Sansei kompaniyasi prezidenti Akazava Masaki viloyat hokimiga Fargʻonada ikki bosqichda tashkil etish rejalashtirilayotgan chiqindini qayta ishlash korxonasi loyihasi taqdimotini oʻtkazdi.

Umumiy qiymati 10 million dollar boʻlgan mazkur loyihaning birinchi bosqichida Ekoshahar va uning atrofidagi hududlardagi chiqindilarni ajratish va qayta ishlash boʻyicha Yaponiya texnologiyasiga asoslangan korxona tashkil etish koʻzda tutilayotgan boʻlsa, ikkinchi bosqichda chiqindilarning qayta ishlash mumkin boʻlmagan qismini yoqish orqali elektr energiya ishlab chiqarishga asoslangan korxona tashkil etish maqsad qilingan.

Muloqot chogʻida Sanctuary kompaniyasi rahbari Uemura Masato bilan Fargʻonada Yapon restoranlari tashkil etish, qishloq xoʻjaligida dronlardan foydalanish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?