Yapon olimlari xavfli kasallikni erta bosqichda aniqlash yoʻlini topdi

14:12 14 Iyun 2022 Dunyo
325 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, dunyoda har 3 soniyada bir kishi Alsgeymer bilan kasallanadi. Hozirgi vaqtda sayyoramiz boʻyicha 50 milliondan ortiq odam ushbu xastalikka chalingan. Ammo bu koʻrsatkich 2030-yilga borib 65 milliondan oshishi mumkin.

Alsgeymer — demansning eng keng tarqalgan turi. U koʻproq keksa yoshli insonlarda asta-sekin xotira susayishi, bosh miya faoliyati buzilib, aqliy qobiliyat pasaya borishi bilan namoyon boʻladi.

Shunga qaramay, mutaxassislar agar bu dard bir yil oldinroq aniqlansa, uning asoratlari tufayli kelib chiqadigan nogironlik 5 yilga qisqarishi mumkin, degan xulosada.

Ana shu omillarni hisobga olib, yapon olimlari demansning yashirin alomatlarini erta aniqlash borasida tadqiqotlar olib borishdi.

Toʻgʻri, buni ilgʻash uchun keksa odam xatti-harakatlaridagi aqliy faoliyat bilan bogʻliq oʻzgarishlarni kuzatish yetarli. Ammo demansga xos mazkur simptomlar qayd etila boshlagan davrda, kasallik ancha ilgarilab ketgan boʻladi.

Yaponiyaning Shinshu universiteti olimlari xastalikni erta aniqlashga doir bir alomatni topdi. Maʼlum boʻlishicha, qomat qiyshayishi, yaʼni bosh va boʻyin tos suyagiga nisbatan qanchalik oldinga choʻzilib chiqqan boʻlsa, kognitiv buzilish shunchalik rivojlanayotgan boʻlishi mumkin.

Loʻnda qilib aytganda, bu oʻrinda kognitiv funksiyaning pasayishi sagittal-vertikal oʻqning oldinga siljishi bilan baholanadi.

“Agar bu holat qayta tiklanadigan bosqichda aniqlansa, demansning oldini olish mumkin”, — deb taʼkidlaydi olimlar. Qolaversa, jismoniy mashqlar orqali kasallik xavfini kamaytirish mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер