Yapon ayollari Boysun hunarmandchiligi anʼanalarini oʻrganmoqda

14:29 17 Avgust 2022 Jamiyat
526 0

Foto: Xalq so‘zi

Soʻlim Surxon vohasining marvaridi sanalgan Boysunda hunarmand ayollar qoʻlida sayqal topayotgan tikuvchilik va toʻquvchilik mahsulotlari kunchiqar yurt vakillarida katta qiziqish uygʻotmoqda. Bu bejiz emas. Bir necha asrlik boy anʼanalarni oʻzida mujjassam etgan Boysunning doʻppi, soʻzana va kashtalari oʻzining yorqin rangi, bejirimligi bilan alohida ajralib turadi. Shu bois “Yaponiya-Oʻzbekiston” assotsiatsiyasi rahbari Yoshiko Kavabata tashabbusi 1,5 yildan buyon boysunlik Malika Podshoyeva va Nilufar Joʻrayeva tomonidan yapon ayollari uchun onlayn tarzda mahorat darslari, oʻquv-amaliy mashgʻulotlar oʻtkazib kelinmoqda.

Ayni yoʻnalishdagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Tokio qishloq xoʻjaligi va texnologiyalar universiteti professori Yoshiko Kavabata boshchiligidagi delegatsiya “Mamlakatimizning turizm tumani” deya eʼtirof etilgan Boysun tumaniga tashrif buyurdi.

Oʻzaro muloqot chogʻida maʼlum qilinishicha, yil oxiriga qadar Tokio shahrida Boysun soʻzanachiligi kunlarini oʻtkazish boʻyicha amaliy harakatlar boshlangan.

— Yaponiyada oʻzga xalqlar hunarmandchiligini targʻib qilish maqsadida nufuzli xalqaro festival va koʻrgazmalar tashkil etish yaxshi anʼanaga aylangan. Boysun kashtachiligi, umuman, bu yerdagi tikuvchilik va toʻquvchilik anʼanalarini Yaponiyada keng targʻib etish niyatidamiz. Oʻzbekiston Respublikasining Yaponiyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etiladigan koʻrgazmada hunarmandlar markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishish, ular ishlab chiqargan mahsulotlarni xaridorlarga yetkazishga koʻmaklashish, shuningdek, hunarmandchilikni yanada rivojlantirish uchun “Ustoz-shogird” anʼanalarini davom ettirish, bu jarayonga yapon-oʻzbek yoshlarini jalb etishni oʻz oldimizga maqsad qilib olganmiz, — deydi Yoshiko Kavabata.

Ilhom Rahmatov,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?