Yanvar oyining oʻzida 31 ta holatda gaz tarmoqlariga noqonuniy ulangan “tadbirkor”lar aniqlandi

10:42 07 Fevral 2021 Jamiyat
672 0

“Hududgaz Samarqand” gaz taʼminoti filiali tomonidan yakka tartibdagi xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan gaz oʻgʻirliklarini aniqlash boʻyicha doimiy nazorat tadbirlari oʻtkazilmoqda.

Past Dargʻom tumanidagi shunday tadbirlardan birida “Namozgoh” mahallasida yashovchi fuqaro N.N oʻzboshimchalik bilan hech qanday hujjatlarsiz noqonuniy ravishda tabiiy gaz tarmogʻiga ulanib, jami 7,5 sotix yer maydonida issiqxona tashkil etib, bodring va poliz ekinlari yetishtirayotganligi, issiqxonada 3 dona qoʻlbola isitish pechi va 2 dona qoʻlbola isitish qozonining har birida esa 2 donadan gaz yondirgichlaridan (gorelka) foydalanib kelganligi aniqlandi.

Hisob-kitoblarga koʻra, ushbu issiqxonada noqonuniy foydalanilgan gaz hajmi 57002,4 metr kubni tashkil etib, gaz taʼminoti tashkilotlariga yetkazilgan zarar miqdori ellik yetti million ikki ming toʻrt yuz soʻmni tashkil etgan.

Shuningdek, joriy yilning 4-yanvar kuni “Hududgaz Samarqand” gaz taʼminoti filiali “Narpaytumangaz” boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tekshiruvlar davomida gaz tarmogʻiga noqonuniy ulanib, ohak ishlab chiqarayotgan “tadbirkor” aniqlandi. Oqtosh shahri, Muqimiy MFY da yashovchi fuqaro U.N. 2020-yilning 22-dekabr kunidan gaz tarmogʻiga noqonuniy ulanib, ohak pishirish uchun 12 dona qoʻlbola yondirgichlardan foydalanib kelgan ekan.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 13 sutkadagi noqonuniy faoliyati natijasida, gaz taʼminoti korxonalariga oʻttiz bir million toʻqqiz yuz yetmish uch ming yetti yuz oltmish soʻm zarar yetkazgan.

Bundan tashqari, Majburiy ijro byurosi va DXX Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan hamkorlikda oʻtkazilgan tekshiruvda, fuqaro I.B. va uning jinoiy sheriklari oʻzlariga tegishli boʻlgan Samarqand tumani, “Yuqori Chordara” mahallasida joylashgan issiqxonalarda tabiiy gazdan foydalanish uchun taʼminotchi korxonadan tegishli ruxsatnoma olmasdan, issiqxona yonida joylashgan Qurolli kuchlar kichik mutaxassislarini tayyorlash markazi hududidan Samarqand shahri aholisiga tabiiy gaz yetkazib beruvchi 500 mm. diametrli gaz quvuriga yashirin ravishda ulanib olib, foydalanib kelishi oqibatida gaz taʼminoti korxonalariga qariyb 360 million soʻmlik zarar yetkazilganligi aniqlangan.

Tahlillarga koʻra, 2021-yilning oʻtgan bir oyi davomida turli xildagi mahsulot ishlab chiqaruvchi “tadbirkor”lar tomonidan shartnoma shartlariga amal qilmay, gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish boʻyicha jami 31 ta holat aniqlanib, tarmoqdan uzildi. Barcha toʻplangan materiallar esa huquqni muhofaza qilish organlariga topshirildi. Noqonuniy ulanish natijasida gaz taʼminoti korxonalariga yetkazilgan zarar miqdori uch yuz toʻqson uch million sakkiz yuz oltmish toʻqqiz ming toʻqqiz yuz sakson soʻmni tashkil etmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?