Yangiqoʻrgʻonlik yosh kelinchak turmush oʻrtogʻiga bir buyragini bermoqda. Yaqinda jarrohlik amaliyoti

01:42 29 Aprel 2021 Jamiyat
4969 0

Akademik V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining malakali mutaxassislari namanganlik shifokorlar bilan birgalikda viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida noyob jarrohlik amaliyotini muvaffaqiyatli oʻtkazishdi. Viloyatda shu haftaning oʻzida 4 ta ana shunday murakkab operatsiyalar oʻtkazilishi belgilangan. Bu haqda SSV xabar berdi.

Bunga qadar buyrak transplantatsiyasi operatsiyasi yurtimizda faqatgina Toshkent shahrida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida amalga oshirilar edi.

Dastlabki operatsiya qariyb uch soat davom etdi. Chortoq tumanining Chorsu mahallasida yashovchi 21 yoshli Dilnoza Ahmadjonovaga onasi Yoqutxon Mutaliyeva bir buyragini berdi. Eng muhimi, har ikkovining ham ahvoli yaxshi va bemorlar tibbiy standartlar asosida nazoratga olingan.

Operatsiya stoliga yotqiziladigan yana bir bemor poplik 30 yoshli temiryoʻl ishchisi Muhriddin Mahkamovdir. Qoʻqondagi temiryoʻlchilar poliklinikasi murojaat qilganida unda buyrak shamollashi aniqlangan, ahvoli ogʻirlashib borib, Namangan viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazining nefrologiya boʻlimiga murojaat qilishga majbur boʻlgan. M. Mahkamovga akasi Murodjon Mahkamov bir buyragini berishga rozi boʻldi.

Keyingi bemor Javohir Ergashev ham jarrohlik amaliyotiga tayyorgarlik koʻrmoqda. Yangiqoʻrgʻonning Gʻovazon qishlogʻida yashovchi 24 yoshli bemor bir yarim yildan beri gemodializ apparatiga “bogʻlanib” yashayotgan edi.

— Haftasiga 3-marta qonimni tozalatishga majbur edim. Ikki kunda takrorlanadigan bunday muolaja odamni ezib yuboradi, – deydi J. Ergashev. – Yaxshiyam davlat tomonidan bepul, beminnat xizmat koʻrsatiladi. Nihoyat, qurigan buyragim oʻrniga sogʻlomini koʻchirish mavridi kelib qoldi. Kim bunday inʼomni menga loyiq koʻrganini aytsam, naqadar baxtli insonligimni anglab yetsangiz kerak.

Unga umr yoʻldoshi Naima Qayumova bir buyragini berishga qaror qilgan. Jarrohlik amaliyotidan keyin yosh oila ikki yoshli farzandi Xushnudbek bilan shirin turmushini davom ettirishni niyat qilishgan.

2017-yil 23-oktyabrda qabul qilingan “Buyrak va jigar toʻqimalarini transplantatsiya qilish haqida”gi vaqtinchalik Nizomga muvofiq tibbiy amaliyotning muvaffaqiyatli ijrosi hozirgacha faqat poytaxt Toshkentda izchil taʼminlab kelinayotgan edi. Endi esa Namanganda ham bu jarayon dadil boshlab yuborildi. Bir yoʻla uchta buyrak transplantatsiyasi amaliyoti oʻtkazildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?