Yangilanayotgan jarayonda yanada faol boʻlamiz

13:59 17 Oktyabr 2024 Jamiyat
168 0

Yurt tobora koʻrkamlashib boravergani sayin odamlar ham farovon yashashga intiladi. Farovonlik esa xalqimizning baxti, saodatidir. Binobarin, mamlakatimizda keng miqyosda amalga oshirilayotgan hayotiy islohotlardan koʻzlangan maqsad ham odamlarni oʻz hayotidan rozi boʻlib yashashiga erishishga qaratilgan. Izchil islohotlar esa Toshkent viloyatida ham oʻzining ijobiy samaralarini bermoqda. Shu jihatdan mamnuniyat bilan aytish joizki, Prezidentimizning viloyatimizga bu galgi tashrifi juda katta oʻzgarish hamda yangilanishlarga asos boʻldi.

Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan Angren, Olmaliq, Ohangaron shaharlari, Piskent va Ohangaron tumanlarining viloyat sanoatidagi ulushi 50 foizni tashkil qilishi, ular yonma-yon joylashgan boʻlib, xomashyo zaxirasi juda boyligi bois bu shahar va tumanlarda ishlab chiqarishni kooperatsiya va klaster asosida tashkil etish uchun mutlaqo yangi tizim — “sanoat uchburchagi” dasturi amalga oshirilishi aytilgani bizni juda mamnun etdi.

Endi bu korxonalar oʻrtasidagi hamkorlik yangicha shaklda davom etadi. Bu esa yangi ish oʻrinlari ochilishiga, ishga chanqoq yosh mutaxassislarning oʻz imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishiga imkoniyat yaratadi. Mahallamizda yil boshida 57 nafar ishsiz boʻlsa, hozirgi kunda ularning 47 nafari bandligi taʼminlandi. Yil oxiriga qadar mahallamiz ishsizlikdan holi hududga aylanadi. Binobarin, xalqimizda “Ishli odam — baxtli odam” degan purmaʼno hikmat bor. Bu bugun nafaqat hayotimiz balki odamlar dunyoqarashi oʻzgarib borayotgani, kelajakka, yurt istiqboliga ishonchi yuksalayotgani misolida oʻzining isbotini topmoqda.

Yigʻilishda davlatimiz rahbari tomonidan kambagʻallikni qisqartirish masalalari tahlil qilinib, “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida kelasi yili viloyatimizda 116 ming aholini kambagʻallikdan olib chiqish rejalashtirilgani aytildi. Bu — umumxalq harakati boʻlib, unga har bir kishi oʻzining hissasini qoʻshishi kerakligi taʼkidlandi. Yigʻilishda mahallamiz yettiligi toʻliq ishtirok etib, bu masala boʻyicha oʻzlariga tegishli xulosalar chiqarishdi.

Mahallamizda 2045 nafar aholi istiqomat qiladi va ular 755 ta oilani tashkil etadi. Shulardan hozirgi kunda 54 ta oila kambagʻal hisoblanadi. Prezidentimiz yigʻilishda taʼkidlaganidek, kambagʻallikdan chiqarish uchun eng avvalo boqimandalikni bartaraf etish lozim. Bundan tashqari uchrashuvda Toshkent viloyati keng industriya imkoniyatlariga ega ekani bois, xorijiy investitsiyalar hajmini oshirish va eksportni koʻpaytirish orqali yangi ish oʻrinlarini koʻpaytirish mumkinligi haqida aytib oʻtildi.

Viloyatimiz ahli Prezidentimiz tashrifi yakunlarini tahlil qilib, belgilab berilgan vazifalar va ishlab chiqilgan loyihalar hudud hayotini yanada rivojlantirishda muhim dasturilamal boʻlishiga ishonchi yuksalmoqda.

Shohruh USMONOV,

Toshkent viloyatining Ohangaron shahridagi “Adolat” mahalla fuqarolar yigʻini raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер