Yangilanayotgan Qoraqalpogʻiston: oʻzgarishlar odamlar qalbida kelajakka katta umid uygʻotyapti 

14:23 11 Noyabr 2020 Siyosat
330 0

Bundan uch-toʻrt yil avval Moʻynoq desa, Orol tark etgan, tuz koniga aylangan olis tuman koʻz oldimizda gavdalanar edi. Odamlar Moʻynoqda dengiz emas, balki choʻl bor deb, aytishardi. Bugun bu yerdagi oʻzgarishlar odamlar qalbida hayotga, kelajakka katta umid uygʻotmoqda. Xalqning kayfiyati ancha koʻtarinki, kunda-kunora yangiliklar boʻlib turibdi. 

Binobarin, soʻnggi yillarda Moʻynoqni rivojlantirish, Orol fojiasidan jabr koʻrayotgan aholining yashash sharoitini yaxshilash boʻyicha katta ishlar qilindi. Moʻynoq tumanini 2019-2021-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi asosida 1 trln. 485 mlrd. soʻmlik qurilish-rekonstruksiya ishlari olib borildi. 

Mazkur hujjat ijrosi doirasida qisqa vaqtda bir qator obyektlar foydalanishga topshirildi. Jumladan, tuman markazida 800 oʻrinli amfiteatr, davlat xizmatlari markazi, musiqa va sanʼat maktabi, sport zali, yopiq basseyn qurildi, madaniyat markazi va stadion, «Bozatau» ovul fuqarolar yigʻinidagi oilaviy poliklinika rekonstruksiya qilindi. 

Aytish oʻrinliki, bugun bu boradagi ishlar tizimli ravishda davom etmoqda. Orol muammosi oqibatlarini bartaraf qilish, xavf-xatarlarning oldini olish boʻyicha muhim va amaliy tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, mavjud ahvolni yaxshilash uchun bu yerda ikki million gektar yangi oʻsimlik maydonlari va daraxtzorlar yaratish, tuproq qatlamini shakllantirish ishlari bilan birga, Prezidentimiz tashabbusi bilan Orolboʻyi mintaqasi uchun BMTning inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik Trast fondi tuzildi. Bu oʻz navbatida, Oʻzbekiston diplomatiyasining muhim yutuqlaridan biri boʻldi. 

Yana bir muhim jihat. Prezidentimiz joriy yil 2-oktyabr kuni Qoraqalpogʻiston Joʻqorgʻi Kengesining navbatdan tashqari sessiyasida hududning har bir shahar va tumanini rivojlantirish, aholi hayotini yaxshilashga qaratilgan vazifalarni belgilab bergan edi. Shu maqsadda yangi taraqqiyot dasturini ishlab chiqish uchun 37 mingta xonadon va tadbirkorlik subyektlari oʻrganilib, dolzarb masalalar aniqlandi.

Ushbu tahlillar asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasini 2020-2023-yillarda kompleks rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi. Dasturga muvofiq, hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida yangi tadbirkorlik subyektlariga qator soliq imtiyozlari berilmoqda. Eʼtiborlisi, rivojlanishdan ortda qolayotgan Taxtakoʻpir, Boʻzatov, Shumanay tumanlari hamda 45 ta sharoiti ogʻir mahalla, ovullarda sanoat va xizmat koʻrsatish yoʻnalishida yangi tashkil etilgan korxonalar ham imtiyozlarga ega boʻlayotir. 

Kuni kecha Prezidentimiz raisligida Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mazkur dasturda belgilangan chora-tadbirlar ijrosini tizimli tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi.

Videoselektor yigʻilishida 17 ta tuman va shaharning oʻziga xos “oʻsish nuqta”laridan kelib chiqib, 2020-2022-yillarda umumiy qiymati 12 trillion 300 milliard soʻm boʻlgan 1 ming 359 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgani, 523 million dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish, qariyb 20 mingta yangi ish oʻrinlari yaratish moʻljallangani taʼkidlandiki, bu qisqa vaqt ichida Qoraqalpogʻistonda hamma sohada ulkan oʻzgarishlar boʻlishidan dalolat beradi. 

Chunonchi, dasturda qishloq va suv xoʻjaligi boʻyicha ham qator vazifalar belgilangan. Paxta yetishtirish bekor qilinayotgan 12 ming gektar maydonda eksportbop sabzavot ekinlarini joylashtirish, foydalanishdan chiqqan 36 ming gektar yerni qayta oʻzlashtirish, «Qoraqalpoq-agro» erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish shular jumlasidandir. Qolaversa, kunjut yetishtirish va naslli qoramollar sonini koʻpaytirish, Xoʻjayli tumanini chorvachilik va meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirish koʻzda tutilgan.

Qoraqalpogʻistonda qishloq xoʻjaligi boʻyicha katta salohiyat bor. Hududda hosildor yerlar, dehqonchilikni yaxshi biladigan omilkorlar koʻpchilikni tashkil etadi. Lekin qator hududlarda suv masalasi jiddiy muammo. Shu boisdan bu hududlarda yiliga 2,5 milliard kub metr suvni tejash choralari koʻriladi. Buning uchun 14 ming 200 kilometr kanallarni taʼmirlash, 45 ming gektar ekin maydonida suv tejovchi texnologiyalar joriy etish, suv ajratish nuqtalarida hisoblagichlar oʻrnatish, 38 ming gektar maydonni lazer yordamida tekislash gʻoyat muhimdir. 

Bular hali hammasi emas. Dasturda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi nisbatan past boʻlgan Taxtakoʻpir, Boʻzatov, Shumanay tumanlari boʻyicha alohida choralar nazarda tutilgan. Masalan, bu tumanlarda ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash uchun 2021-2023-yillarda 409 milliard soʻmlik 172 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Bu loyihalarning ishga tushishi hisobiga albatta, yangi-yangi ish oʻrinlari tashkil etilib, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratiladi. Axir odamlar ertaga emas, bugun yaxshi yashashi kerak!

Bu borada sharoiti ogʻir 45 ta mahalla va ovulda umumiy qiymati 2 trillion 340 milliard soʻm boʻlgan 150 ta loyiha amalga oshirilishi, ushbu loyihalarga beriladigan kreditlarning foiz xarajatlari Markaziy bank asosiy foiz stavkasining 50 foizi miqdorida Tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan kompensatsiya qilinishini albatta, Qoraqalpoq xalqiga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlikning yorqin namunasidir. Shak-shubhasiz bu loyihalarning hayotga tatbiq etilishi bilan Qoraqalpogʻistonda ham beqiyos yangilanishlar boʻladi, ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi. 

Yigʻilishda Qoraqalpogʻiston tuman va shaharlari qiyofasini yangilash, yoʻllar va uy-joylar qurish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Endi keyingi 3 yilda 856 kilometr avtomobil yoʻllari qurilib, taʼmirlanadi. 2 ming 500 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari qurilishi hisobiga taʼminot darajasi 70 foizga yetkaziladi. Eng asosiysi, 7 ming kvartirali 235 ta, yosh oilalar va kam taʼminlangan aholi uchun 2 ming 84 kvartirali 36 ta arzon koʻp qavatli uy quriladi. 

Xulosa oʻrnida aytganda, bugun Qoraqalpogʻistonda barcha sohalarda katta oʻzgarishlarni koʻrish mumkin. Avval rivojlanishdan orqada qolgan ovullarda shaharliklar ham havas qiladigan darajada uylar, taʼlim va sogʻlikni saqlash muassasalari, bolalar bogʻchalari qurildi. Oʻtgan yillar davomida hududda taʼbir joiz boʻlsa, odamlarning yetti uxlab tushiga ham kirmaydigan olamshumul oʻzgarish va yangilanishlarga yuz tutdi. Hozir respublika oʻz markazida gʻurur va iftixor hissini tuyadigan majmualarga ega boʻlib bormoqda. 

Baxыtbay ALDAMURATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?