Yangi turdagi qurilish materiallari ishlab chiqariladi

14:00 26 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
476 0

Poytaxtimizda “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan “Yangi turdagi qurilish materiallarini yaratishda ilm-fan yutuqlarining joriy etilishi holati, sohada xalqaro standartlarga rioya qilinishi masalalari” mavzuida matbuot anjumani tashkil etildi.

Sifatli va hamyonbop, raqobatbardosh qurilish materiallarini ishlab chiqarish, sohaga zamonaviy ilm-fan yutuqlarini keng joriy qilishni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshiriladigan ishlar haqida fikr yuritilgan tadbirda uyushma, Innovatsion rivojlanish vazirligi va boshqa tegishli tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi. 

Taʼkidlanishicha, Prezidentimizning 2019-yil 20-fevral hamda 2019-yil 23-maydagi qarorlarida qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish istiqbollari va strategiyasi belgilab berildi. Ushbu qarorlar asosida ilmiy izlanishlarni yoʻlga qoʻyish va ayni yoʻnalishdagi ishlarni jadallashtirish uchun uyushma tizimida tuzilgan 23 nafar aʼzodan iborat ilmiy-texnikaviy kengashga 10 ta yoʻnalish boʻyicha jami 42 ta innovatsion loyiha koʻrib chiqish uchun taqdim etilgan. Natijada kengash tomonidan ijobiy baholanib, moliyalashtirishga tavsiya etilgan umumiy hajmi 10,6 milliard soʻmlik 8 ta innovatsion loyiha orqali energiya tejamkor, atrof-muhitga zarari kam, eksportbop va import oʻrnini bosuvchi, xususan, mamlakatimizda avval ishlab chiqarilmagan yangi turdagi gazobeton bloklari, gulqogʻozlarning yangi avlodi, keramogranit, penoblok, yuqori markali sement mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilmoqda.

Bundan tashqari, ishlab chiqarish jarayonlariga ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilish, yangi loyihalarni amalga oshirishda eng zamonaviy uskuna va jihozlardan foydalanishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

– Ichki bozorda import oʻrnini bosuvchi va raqobatbardosh innovatsion qurilish materiallari texnologiyalarini yaratishga qaratilgan umumiy qiymati 13,8 mlrd. soʻmlik 34 ta ilmiy-tadqiqot, innovatsion va startap loyiha amalga oshirilmoqda, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshligʻi Shuhrat Otajonov. – Bunda 28 ta ilmiy-innovatsion faoliyat subyekti jamlangan boʻlib, xususan, 16 ta ilmiy tadqiqot va 7 ta OTM, shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yashnobod Texnoparkining 4 ta rezidenti va 2 ta startap tashkilot jalb etilgan.

Shuningdek, yangi turdagi sifatli va xavfsiz qurilish materiallarini ishlab chiqarish maqsadida 2020-yil 542 ta va 2021-yil uchun 505 ta xalqaro standart qabul qilinib, xalqaro standartlar bilan uygʻunlashuv darajasi oshirilmoqda.
Dilruh ISOMIDDINOVA,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?