Yangi tugʻilgan chaqaloqlar nega koʻp qayt qiladi?

11:35 16 Avgust 2021 Jamiyat
2838 0

Toʻrt oylikkacha boʻlgan goʻdaklarning 65 foizdan koʻprogʻi kuniga hech boʻlmaganda bir marta emgan sutini qayt qiladi. Chunki goʻdaklarning oshqozon-ichak yoʻli tuzilishi va ishlashi qayt qilishga moyil boʻladi. Yosh onalar bu holatdan vahimaga tushishi, xavotirlanib bolaning salomatligiga salbiy taʼsir qiladigan harakatlar qilishlari mumkin.

Ularga kerakli maslahat va tavsiyalarni berish maqsadida SSV Matbuot xizmati Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori oʻrinbosari, tibbiyot fanlari doktori Kamola SOLIHOVAga murojaat qildi.

— Bir necha oylik goʻdaklarning qayt qilib turishiga sabab nima? Bu unchalik xavotirli emasmi?

 Goʻdak oshqozoni gorizontal holatda, qiziloʻngach qisqa va toʻgʻri, oshqozonga kirishni berkitib turadigan sfinkter-mushak yetarlicha rivojlanmagani tufayli isteʼmol qilingan ovqat osonlik bilan oshqozondan qiziloʻngachga, undan esa ogʻiz boʻshligʻiga tushadi.

Ovqat hazm qilish uchun javobgar baʼzi fermentlarning yetishmasligi, shuningdek, muddatidan oldin tugʻilgan va kam vaznli goʻdaklarda koʻproq kuzatiladigan nafas olish, soʻrish va yutish jarayonlarining yetarlicha oʻzaro muvofiqlashmaganligi ham qayt qilishga moyillikni oshiradi.

Bola oʻsa borgani sari ovqat hazm qilish tizimi toʻliq shakllanadi. Shundan soʻng qayt qilish oʻz-oʻzidan kamayadi. Bungacha esa bola garchi sogʻlom boʻlsada, ovqatlantirish payti, ovqatlantirib boʻlingach yoki undan biroz oʻtib emgan sutini qayt qilib turishi mumkin.

Kichkintoy rivojlanishdan ortda qolmasa, qayt qilishi onda-sonda, koʻp miqdorda boʻlmasa xavotirlanishga asos yoʻq. Negaki, bu fiziologik hol hisoblanib, bola 6-8 oylik boʻlgunicha oʻtib ketadi.

— Goʻdakning qayt qilishi qandaydir kasalliklarning belgisi boʻlishi ham mumkinmi?

— Qayt qilish turli kasalliklarning belgisi boʻlishi mumkin. Goʻdakda nevrologik buzilishlar boʻlganida qayt qilishlar soni odatdagidan koʻpayadi. Tishlari chiqayotganida ham bola tez-tez qayt qilib turadi.

Bolada qayt qilish bilan birga tana haroratining balandligi va suyuq ich ketishi roʻy bersa, bu ichak infeksiyasining belgisi ekanligi ehtimoldan holi emas. Qayt qilishlar baʼzan oshqozon-ichak yoʻli rivojlanishida nuqsonlar borligidan darak beradi.

Shifokor koʻrigidan oʻtgandan soʻng bolaga aniq tashxis qoʻyiladi. Agar qayt qilish doimiy tus olsa, oldini olish uchun qilingan chora-tadbirlar yordam bermasa, bola koʻp miqdorda qayt qilayotgan boʻlsa, oʻzini yomon his qilsa, uni shifokor koʻrigiga olib borish zarur.

Ovqatlantirish qoidalariga amal qilinsa va hech bir kasallik aniqlanmasada koʻp qayt qilish saqlanib qolaversa, oila shifokori va pediatr tavsiyasi bilan antireflyuks aralashmalar buyuriladi.

Ishlab chiqarilayotgan maxsus aralashmalar tarkibida turli quyuqlashtiruvchilar boʻlib, ular ovqatni oshqozonda ushlab qoladi va qayt qilinishining oldini oladi.

Aralashmalar qayt qilishlar tugagunicha bola taomnomasiga qisman kiritiladi. Kamdan kam holatlardagina bolaga sut va oddiy aralashma oʻrniga faqat antireflyuks aralashma berish uchun ehtiyoj tugʻiladi.

Aralashma berish davomiyligini pediatr aniqlaydi. Zarur deb topilgan hollarda oila shifokorlari oshqozon-ichak yoʻlining ishini meʼyorlashtiruvchi dori vositalarini ham buyurishi mumkin.

Koʻp hollarda bolani toʻgʻri ovqatlantirish qoidalariga amal qilish orqali qayt qilish bilan bogʻliq muammoni bartaraf etsa boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер