Yangi tahrirdagi qonun muhokama etildi

09:14 27 Iyul 2022 Siyosat
358 0

Joriy yilning 26-iyul kuni Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi Narimon Umarov Oʻzbekiston Respublikasining “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi Qonuni mazmun-mohiyatini mahalliy Kengashlar deputatlari va jamoatchilik eʼtiboriga yetkazishga bagʻishlangan davra suhbatida ishtirok etdi.

Tadbirda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari doimiy komissiya raislari, prokuratura, adliya, soliq va bojxona xizmati xodimlari, jamoatchilik vakillari va faollar ishtirok etdi.

Qabul qilinayotgan qonunning mazmun-mohiyati, maqsadi va vazifalari, qoʻllanilishi sohasi haqida maʼruza eshitildi.

Qonunning qoʻllanilishi sohasi kengaytirilib, uning pensiya taʼminoti, soliq, bojxona, davlat nazorati, yer uchastkalarini ajratish va olib qoʻyish sohalariga tatbiq etilishi nazarda tutilayotganligi taʼkidlandi.

Muhokama davomida mahalliy deputatlar tomonidan qonunning dolzarbligi, maʼmuriy organlar tomonidan esa, maʼmuriy-huquqiy faoliyat sohasida yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishda muhimligi eʼtirof etildi.

Bundan tashqari, tadbir ishtirokchilari qonunda keltirilgan ayrim normalarni yanada takomillashtirish zarurligi, ayniqsa, maʼmuriy aktni bekor qilish yoki oʻzgartirish haqidagi normalar koʻrib chiqilishi maqsadga muvofiq ekanligi haqida fikr-mulohazalar bildirdilar.

Davra suhbati yakunida senator tomonidan hayotimizda bizni qiynab kelayotgan muammolarning yechimiga qaratilgan qonunlarni joylardagi fuqarolarga yetkazilmas ekan, bunday qonunlar amalda ishlamasligini, muammolar yechilmasdan yanada koʻpayib ketishini, ularning oldini olish uchun barcha mahalliy Kengashlar deputatlari hamda keng jamoatchilik qonun targʻibotida faol boʻlishi lozimligi aytib oʻtildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?