Yangi Samarqand — voqelikka aylangan orzu

12:42 24 Avgust 2022 Siyosat
711 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyevning Samarqand shahrida “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazining

ochilishiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqi

 

Assalomu alaykum, hurmatli Samarqand ahli!

Muhtaram mehmonlar!

Bugun siz, azizlar bilan, barchamiz uchun qadrli boʻlgan Samarqandning yangi qiyofasini belgilab beradigan muhtasham majmua – “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazining tantanali ochilish marosimida uchrashib turganimdan xursandman.

Xalqimizning aql-zakovati va fidokorona mehnati bilan bunyod etilgan ushbu majmua Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlidagi yana bir salmoqli, zafarli natija boʻldi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Qadimiy va navqiron Samarqand bagʻrida qad rostlagan mana shunday zamonaviy, ulugʻvor meʼmoriy majmua barchamizga, butun xalqimizga muborak boʻlsin, buyursin!

Aziz yurtdoshlar!

Hammamizga yaxshi maʼlum, Samarqand – milliy davlatchiligimiz va umuman, jahon sivilizatsiyasi tarixida alohida oʻringa ega. Ushbu boqiy shahar tariximizdagi ikkala Renessans davrining yuzaga kelishi va rivojida muhim rol oʻynagan.

Buyuk Amir Temur bobomiz oʻzi barpo etgan qudratli saltanat uchun aynan Samarqand shahrini poytaxt etib belgilagani ham albatta bejiz emas.

Ushbu zaminda shakllangan qutlugʻ anʼanalarni izchil davom ettirgan holda, Samarqandning qadimiy shuhratini tiklash maqsadida oxirgi yillarda uni yanada koʻrkam va obod qilish, chinakam xalqaro turizm markaziga aylantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlarni amalga oshirmoqdamiz.

Yangidan qurilib, bugun ochilayotgan “Buyuk ipak yoʻli” markazi shu yoʻldagi yana bir ulkan qadam boʻldi. Yiliga 2 million turistga xizmat qiladigan bu koʻp tarmoqli markaz tarkibida “Boqiy shahar” majmuasi, Kongress holl, 8 ta zamonaviy mehmonxona, amfiteatr va koʻplab boshqa obyektlar mavjud.

Biz markaz loyihasini puxta ishlab chiqish uchun tajribali meʼmor va muhandislardan iborat xalqaro jamoani jalb etdik. Ular tayyorlagan loyihani milliy meʼmorchilik va shaharsozlik tajribamiz, iqlim sharoitimizdan kelib chiqib, qayta-qayta muhokama qildik va takomillashtirdik.

Bu ulkan markaz buyuk ajdodlarimiz bunyod etgan muhtasham meʼmoriy obidalarga munosib boʻlib, ularning tarixiy anʼanalarini davom ettiradi. Ushbu majmua mamlakatimizda hozirgi paytda poydevori qurilishi boshlangan Uchinchi Renessans va oldingi tarixiy davrlar oʻrtasidagi ramziy koʻprik boʻladi, deb ishonaman.

Bunyodkor xalqimiz, yuqori bilim va tajribaga ega injener-mutaxassislarimiz, navqiron yoshlarimiz ana shunday gʻoyat murakkab va noyob loyihani amalga oshirish uchun xorijiy hamkorlarimiz bilan qoʻlni qoʻlga berib, fidokorona mehnat qildilar.

Shu oʻrinda Turkiya, Buyuk Britaniya, Italiya kabi davlatlarning yuksak malakali injener va texnik mutaxassislari qurilish jarayonida faol ishtirok etganini alohida qayd etish lozim.

Fursatdan foydalanib, bugungi tantanali marosimda qatnashayotgan chet el diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillarini samimiy qutlab, Oʻzbekiston bilan koʻp qirrali aloqalarni rivojlantirishga katta hissa qoʻshayotganlari uchun ularga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman.

Bundan keyin ham sizlarning sharafli faoliyatingizda davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, jumladan, turizm sohasidagi aloqalarni kengaytirish – ustuvor yoʻnalishlardan biri boʻlib qoladi, deb umid qilamiz.

Qadrli doʻstlar!

Ushbu yangi koʻrkam majmuaga “Buyuk ipak yoʻli” deb nom berganimiz zamirida chuqur maʼno bor.

Asrlar davomida Xitoyning qadimiy Sian shahridan boshlanib, dunyoning koʻplab mamlakatlari hududidan oʻtgan va koʻhna Rimga qadar yetib borgan bu ulkan savdo yoʻli jahon xalqlari oʻrtasidagi iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy muloqot vositasi boʻlib kelgan. Azim Samarqand esa, Buyuk ipak yoʻlining asosiy manzillaridan biri boʻlganini hammamiz yaxshi bilamiz.

Shuni hisobga olib, biz yangi markazdagi binolarda Buyuk ipak yoʻli davriga oid tarixiy manzaralarni ham aks ettirdik. Masalan, “Boqiy shahar” majmuasi bezaklarida qadimiy Afrosiyob devorlarida saqlanib qolgan Soʻgʻd davlati hukmdorining Koreya, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlar elchilarini qabul qilish marosimi tasvirlaridan foydalandik.

Oʻylaymanki, ana shu davlatlarning elchilari va xorijiy sayyohlar ham ushbu tasvirlar bilan tanishib, oʻz yurtlari tarixini shu yerda koʻrgandek boʻladi.

Biz Buyuk ipak yoʻli orqali rivojlangan ana shu tarixiy anʼanalarni, bugun taraqqiyot, madaniyat, doʻstlik va hamkorlik yoʻli sifatida qayta tiklashga intilmoqdamiz. Shu maqsadda dunyo hamjamiyati bilan turli sohalardagi aloqalarni kuchaytirish, mamlakatimizga zamonaviy ilm-fan yutuqlari, yuqori texnologiyalar, investitsiyalar, yangi, ilgʻor gʻoyalar kirib kelishi uchun sharoit yaratmoqdamiz.

Umuman, “Buyuk ipak yoʻli” majmuasi Oʻzbekistonning dunyoga keng ochilayotgan yana bir darvozasi, desak, ayni haqiqat boʻladi.

Muhtaram anjuman ishtirokchilari!

Samarqandni yirik turizm markaziga aylantirishda “Boqiy shahar” meʼmoriy ansambli alohida muhim oʻrin tutadi. U kelgusida butun Samarqandning oʻziga xos “tashrif qogʻozi”ga aylanadi, deb ishonaman.

Ushbu majmua har qanday sayyohni qadimiy afsonalar olamiga, tarixiy obidalar dunyosiga olib kiradigan tom maʼnodagi noyob loyihadir.

Qadimiy uslubda barpo etilgan 14 ta hududimizga xos 40 ta hunarmandlik ustaxonasining har biri betakror qiyofaga ega.

Qoʻli gul ustalar yogʻoch oʻymakorligi, kulolchilik, ipak qogʻoz ishlab chiqarish, zargarlik va gilam toʻqish jarayonlari orqali sayyohlarning koʻz oʻngida mahorat darslarini olib boradilar. Xususan, Rishton kulolchiligi, Buxoro zardoʻzligi, Qoraqalpoq oʻtovi, Margʻilon atlasi kabi hunarmandchilik mahsulotlari sayyohlar uchun amaliy sanʼat durdonalari sifatida taqdim etiladi.

Bu yerga qadam qoʻygan inson nafaqat qadimiy Samarqand bagʻrida, balki butun Oʻzbekiston zaminida yurgandek boʻladi, uning bor ulugʻvorligi va beqiyos jozibasini his etadi.

Ushbu goʻzal maskanda 280 ming tup manzarali daraxt va butalar ekildi, 170 gektar yashil hududlar yaratildi.

Albatta, markaz ishga tushishi natijasida yurtimizda turizm sohasini yanada yuqori bosqichga olib chiqish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar ochiladi.

Shu oʻrinda bir raqamga eʼtibor bering. Bundan 3-4 yil oldin Samarqandga tashrif buyuradigan mahalliy va xorijiy turistlar soni 500 ming nafardan oshmas edi. Hozirgi kunda turizmni rivojlantirish boʻyicha islohotlarimiz, qulay investitsiyaviy muhit yaratish boʻyicha saʼy-harakatlarimiz tufayli Samarqandga kelayotgan xorijiy turistlar soni 2 barobar koʻpaydi.

Bu marrani yanada yuqori olish uchun barcha imkoniyatlar yetarli. Xususan, kelgusi yillarda Samarqandga keladigan xorijiy turistlar sonini 1,5 milliondan oshirish boʻyicha choralar koʻrilmoqda.

Shu maqsadda viloyatdagi 50 ga yaqin madaniy meros majmualarini restavratsiya qilish hamda 600 dan ziyod zamonaviy mehmonxona va mehmon uylarini barpo etish yuzasidan aniq rejalar qilingan.

Shaharda jamoat transporti tizimi tubdan isloh etilib, elektrobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyiladi.

Samarqandning havo darvozasi boʻlgan aeroportni butunlay yangitdan barpo etganimiz, hech shubhasiz, turizmni rivojlantirish yoʻnalishidagi eng muhim ishlarimizdan biri boʻldi. Yangi aeroport bugun ochilayotgan “Buyuk ipak yoʻli” markazini barpo etishdan koʻzlagan maqsadlarimizga gʻoyat uygʻun va hamohangdir.

Aziz doʻstlar!

Biz yil boshida “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qiling!” dasturini qabul qildik. Shu yoʻlda mana bugun Samarqand shahrida dastlabki katta natijalarni koʻrib turibmiz. Kelgusida bunday zamonaviy majmua Buxoro shahrida ham barpo etiladi. Bu kabi loyihalarni respublikamizning barcha hududlarida amalga oshirish boʻyicha ham rejalarimiz bor.

Shu tariqa mahalliy va xorijiy turistlar uchun mamlakatimizdagi 8 mingdan ortiq madaniy meros obyektlari bilan yaqindan tanishish imkoniyati yanada kengaytiriladi.

Umuman olganda, ana shunday ishlarimiz tufayli kelgusi besh yilda mamlakatimizga keladigan sayyohlar sonini hozirgi 2 milliondan 9 millionga yetkazamiz.

Eng muhimi, turizm sohasida mehnat qilayotganlar soni 500 mingdan oshadi. Ularni oʻqitish va kasbiy mahoratini oshirish maqsadida Samarqand shahrida “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Ushbu bilim maskanida hozirgi kunda 6 ta davlatdan mingdan ziyod talaba oʻqimoqda, ularga xorijlik professorlar dars bermoqda. Bu yerda 20 mingga yaqin nodir adabiyotlar va qoʻlyozma asarlardan iborat zamonaviy kutubxona tashkil etilgan.

Qadrli vatandoshlar!

Yodingizda boʻlsa, bundan bir necha yil oldin sizlar bilan birgalikda Samarqandni yana “Yer yuzining sayqali”ga, dunyodagi eng goʻzal va obod shaharlardan biriga aylantiramiz, deb niyat qilgan edik.

Shu maqsad yoʻlida Imom Buxoriy bobomizning yodgorlik majmuasi toʻliq qayta qurilmoqda. Nasib etsa, bu tabarruk ziyoratgoh buyuk ajdodimizning musulmon olamidagi beqiyos obroʻ-eʼtiboriga har tomonlama munosib boʻlgan ajoyib maskanga aylanadi.

Aziz doʻstlar!

Oldimizda katta-katta sanalar, yirik siyosiy, madaniy va maʼrifiy tadbirlar turibdi. Jonajon Vatanimiz mustaqilligining 31 yillik bayrami tobora yaqinlashib kelmoqda.

Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti, Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar rahbarlari uchrashuvi kabi nufuzli xalqaro tadbirlar ham yaqin oylarda aynan Samarqandda boʻlib oʻtadi.

Kelgusi yilda esa, qadimiy shahrimizda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruv Kengashining yillik yigʻilishi va Jahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi ham oʻtkaziladi.

Ana shunday ulkan anjumanlarni yuqori saviyada tashkil etishda bugun ochilayotgan yangi markazimiz ham samarali xizmat qiladi.

Fursatdan foydalanib, Samarqand qiyofasini tubdan oʻzgartirib yuborgan ushbu qurilishlarni amalga oshirishda chin yurakdan, qalbidagi bor mehri va sadoqati bilan mehnat qilgan barcha quruvchi va mutaxassislarga, tadbirkorlar va mutasaddi tashkilotlarga, chet ellik hamkorlarimizga, Samarqand ahliga, koʻpmillatli butun xalqimizga minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.

Mana shunday goʻzal maskanlarimiz yanada koʻpaysin!

Azim Samarqandimiz, jonajon Oʻzbekistonimiz dunyo turguncha tursin!

Barcha yutuqlarimizning ijodkori va bunyodkori boʻlgan tanti va mehnatkash xalqimiz doimo omon boʻlsin!

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер