Yangi quvvatlar ishga tushirildi

16:33 24 Mart 2020 Jamiyat
797 0

Mamlakatimiz energetika tarmogʻining ajralmas boʻgʻini hisoblangan gidroenergetika sohasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Gidroenergetika sohasining bosh tashkiloti hisoblangan “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan soʻnggi yillarda investitsiyaviy loyihalar asosida yangi gidroelektrostansiyalarni qurish, mavjudlarini zamon talablari asosida modernizatsiya qilish ishlari yuqori surʼatlarda olib borilmoqda.

“Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan elektr energiyasi ishlab chiqarish va realizatsiya qilish, samarali loyihalar asosidagi investitsiya mablagʻlarini oʻzlashtirish, yangi gidrotexnik obyektlarni ekspluatatsiyaga topshirish, uzoq yillar mobaynida ishlab kelayotgan GESlarni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishdagi mahalliylashtirish jarayonlarini kengaytirish borasidagi ishlar qizgʻin ravishda amalga oshirilmoqda.

“Oʻzbekgidroenergo” AJ mamlakatimizning tabiiy suv resurslaridan samarali foydalanib, aholini qayta tiklanadigan, ekologik toza va arzon elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash jarayoniga munosib ulush qoʻshib kelmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-yanvardagi PQ-3463-sonli Qarori asosida Xitoyning “Power Construction Corporation of Cina Ltd” korxonasi tomonidan poytaxtdan uncha uzoq boʻlmagan Zangiota tumanida oqib oʻtuvchi Boʻzsuv kanalida joylashgan GES-14 ning modernizatsiya ishlari olib borildi.

Maʼlumki, ushbu GES-14 uzoq 1940-yilda hashar yoʻli bilan barpo etilgan. GESning umumiy quvvati 13,2 MVt ga ega edi. GESda 2 ta gidroagregat oʻrnatilgan boʻlib, uzoq yillar mobaynidagi ekspluatatsiya natijasida jismonan va maʼnan eskirgan holatda belgilangan quvvatlarda oʻz faoliyatini davom ettira olmas edi.

Belgilangan rejaga koʻra, modernizatsiya yakuni boʻyicha – 2020-yil mart oyida GES-14 da har birining quvvati 7,5 MVt boʻlgan ikkita agregat oʻrnatiladi hamda GESning umumiy quvvati 15 MVt ga yetkaziladi. Ushbu gidroagregatlar elektr energiyani suv kam boʻlgan davrda ham ishlab chiqarish imkoniga ega boʻladi.

Jamiyat tizimidagi “Quyi Boʻzsuv GESlar kaskadi” tarkibidagi GES-14 da olib borilgan jadal modernizatsiya ishlari natijasida GESdagi ikkinchi gidroagregat toʻliq taʼmirdan chiqarildi. Gidroagregat kompleks sinovlardan oʻtkazilib, ishga tushirildi.

Taʼkidlash joizki, ushbu GES-14 ning toʻliq quvvatlarda ishga tushirilishi mamlakat iqtisodiyoti, sanoat korxonalari rivoji, xalq farovonligi yoʻlidagi muhim yutuqlardandir.

Alohida qayd etish joizki, GES-14 modernizatsiyasi jarayonlarida tunu-kun tartibidagi ish jarayonlari tashkil etilgan boʻlib, ishchi-xodimlar tomonidan izchil va samarali faoliyat olib borilmoqda. Soha mutaxassislarining jonkuyarligi hamda mashaqqatli mehnatlari natijasida yurtimizning gidroenergetika salohiyati yana-da yuksalmoqda.

Gidroenergetika sohasining taraqqiyoti mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bilan birga, yangi GESlar qurilayotgan, modernizatsiya qilinayotgan gidrotexnik inshootlar hududi aholisining turmush farovonligini oshishiga, ishlab chiqarish subyektlarining elektr quvvatlari bilan taʼminlanishiga, tom maʼnoda, hudud obodligiga zamin yaratadi.

Oʻzbekgidroenergo” AJ
Axborot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?